O’zbekiston Rimda O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi

Rimda O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Rim shahrida o‘tayotgan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning 43-konferensiyasida ishtiroki davomida FAO bosh direktorining o‘rinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Vazirlik matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning FAO bilan hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarining jami soni 66 ta bo‘lib, umumiy qiymati 70,05 million dollarni tashkil etadi. Bugunga qadar jami 15,03 million dollarlik 33 ta loyihani amalga oshirish yakunlandi. Hozirda 33 ta loyiha ustida ish olib borilyapti (umumiy qiymati – 55,14 million dollar) va umumiy qiymati 41,3 million dollarga teng 4 ta loyiha ishlab chiqilyapti.

Uchrashuv chog‘ida vazir tashkilot bilan hamkorlikning bugungi holatini alohida qayd etdi. O‘zbekiston tomoni qishloq hududlarini rivojlantirish va mamlakat oziq-ovqat tizimini qayta tashkil etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi FAOning rolini yuqori baholashi maʼlum qilindi.

Muloqotda, shuningdek, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyatini kengaytirish, kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shu maqsadda o‘zbekistonlik yoshlar uchun qo‘shma dasturlar tashkil qilish takliflari xususida fikr almashildi.

Tomonlar shu yil 7-8 sentyabr kunlari Samarqandda FAO bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan Oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga eʼtibor qaratdilar. Ushbu global ahamiyatga ega tadbirni o‘tkazishga oid tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

FAO 1945-yil 16-oktyabrda tashkil etilgan. Tashkilotga 1946 yilda BMTning oziqlanish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan muassasasi maqomi berildi. FAOning bosh qarorgohi Rimda joylashgan. Unga 194 ta davlat aʼzo sanaladi.