O’zbekiston Tanzila Narbayeva Toshkent viloyatida mahallalar beshligi, tadbikorlar, fermerlar va aholi vakillari bilan...

Tanzila Narbayeva Toshkent viloyatida mahallalar beshligi, tadbikorlar, fermerlar va aholi vakillari bilan muloqot qildi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Toshkent viloyatining Parkent tumanida bo‘lib, mahallalar faoliyati va tadbirkor hamda fermerlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, oddiy aholi vakillari bilan muloqot qildi.

Xususan, tumanning 2700 dan ortiq aholi istiqomat qiladigan “Markaziy” MFYda nuroniylar va mahalla ahli bilan samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida bugungi kunda yurtimiz mahallalarini rivojlantirish maqsadida ko‘rilayotgan choralar, jumladan, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, aholini ijtimoiy himoya qilish, ularning mehnat huquqlarini ta’minlash kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Nuroniylar, mahalla faollari keyingi yillarda islohotlar aynan mahallalardan boshlanayotgani bois ichimlik suvi, yo‘llar qurilishi, elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalalar hal etilayotgani, bunda ayniqsa, “Ochiq budjet” platformasi muammolarga yechim bo‘layotganini ta’kidlab o‘tdilar.

Mahalla beshligining yo‘lga qo‘yilgani masalalarni kompleks hal etishda muhim omil bo‘layotgani aytib o‘tildi. Mahalladagi hokim yordamchisining ta’kidlashicha, hududda “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonasida farm-korxonlarning ishga tushirilishi, shuningdek, 3 ta tekstil korxonasining faoliyat boshlashi aholining bandligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarga yechim bo‘ldi.

Suhbat chog‘ida qator takliflar ham ilgari surildi. Bugun tumanda sanoat rivojlanmoqda, qishloq xo‘jaligida fermerlar soni ortyapti. Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani rivojlantirish, shu bilan birga “Ochiq budjet” portalida takliflarni yo‘nalishlar kesimida shakllantirish yuzasidan qator fikr-mulohazalar bildirildi.

Navbatdagi muloqot manzili tumanning “Oybek” MFY joylashgan 200 o‘rinli “Shabnam eligant” MChJ tekstil korxonasi bo‘ldi. Ushbu korxona joriy yilda 3 mln dollarlik mahsulotga shartnoma qilgan bo‘lib, MDH davlatlariga eksportni amalga oshirib kelmoqda.

Senat Raisi bu yerda ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar, ularga berilayotgan oylik maoshlari bilan qiziqdi.

Korxona rahbari suhbat chog‘ida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati yuqori bo‘lgani bois buyurtma hajmi ko‘pligini, yana ishchi kuchi kerak bo‘layotganini, buning uchun qo‘shni tumanlar aholisini ham ish bilan ta’minlashga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, ayni paytda xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan xolda yangi loyihalar ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

Parkent tumani o‘zining uzumlari bilan nafaqat mamlakatimiz, balki xorij davlatlarida ham nom qozongan. Zarkent qishlog‘i “Yangiobod” MFYda uzumchilikni rivojlantirish va qayta ishlash bo‘yicha faoliyat olib borayotgan fermerlar bilan suhbat chog‘ida klaster tizimi samarador ekani qayd etildi, qishloq xo‘jaligida ham tadbirkorlikni kengaytirish, sohani rivojlantirishda xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yib, jahon standartlarini joriy etish masalalari diqqat markazda bo‘ldi.

Fermerlarning so‘zlariga ko‘ra hududda agrologistika markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘tgan yili 20 mln dollarga teng mahsulot eksporti amalga oshirilgan. Manfaatdorlik yuqori bo‘lgani bois fermerlarning harakati ham shunga yarasha.

Uchrashuv chog‘ida omilkor bog‘bonlar sohani rivojlantirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib o‘tdilar. O‘tgan qish sovuq kelgani tufayli bu yilgi hosil deyarli nobud bo‘lgan, shu bois sohada sug‘urta tizimini rivojlantirish, bugungi kunda yetishtirilayotgan 4-5 xil navlar bilan cheklanib qolmay, Yevropa mamlakatlari tajribasini bevosita o‘rgangan holda uzumning yangi, xo‘raki, eksportbop navlarini yetishtirishni o‘zlashtirish, xalqaro sertifikatlarni olishda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator takliflarni bildirib o‘tdilar.

T. Narbayevaning Parkent tumaniga tashrifi dasturidan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar xolidan xabar olish masalalari ham o‘rin oldi.

“Bozorboshi” MFY “Ayollar daftari”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan Jo‘maboyeva Anorgul ona xolidan xabar olindi, uning oilaviy sharoiti bilan tanishildi. Onaxon ikki o‘g‘il va ikki qizni voyaga yetkazib, jamiyatga nafi tegadigan insonlar qilib tarbiyaladi. Bundan bir necha yil avval yurak xastaligi tufayli qo‘l va oyoqlari qisman ishlamay qoldi. A.Jo‘maboyeva tuman hokimligi, mahalla uni yolg‘izlatib qo‘ymaganini, ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab kelayotganini aytib o‘tdi.