O’zbekiston Abdulla Aripov Tojikiston Bosh vaziri bilan Dushanbeda uchrashdi

Abdulla Aripov Tojikiston Bosh vaziri bilan Dushanbeda uchrashdi

Joriy yilning 22 iyul kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi hukumati delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijro holati atroflicha tahlil qilindi.

Tojikiston O‘zbekistonning yaqin qo‘shnisi, vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti, ishonchli strategik hamkori va ittifoqchisi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stona va ishonchli munosabatlar rivojlanishning mutlaqo yangi dinamikasiga ega bo‘lgan ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor bo‘lmoqda.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, Davlatlarimiz rahbarlari ikki mamlakat hukumatlari oldiga kun tartibini yangi loyihalar bilan to‘ldirish vazifasini qo‘ygan.

Tomonlar mazkur vazifaga birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan erishish mumkinligini qayd etdi.

O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘sib bormoqda. Davlatlarimiz rahbarlari kelgusida uning hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq vazifa qo‘ygan.

Uchrashuvda ma’lum qilinishicha, “Oybek” – “Fotexobod” o‘tkazish punktlarida “O‘zbekiston – Tojikiston” xalqaro chegara savdo zonasini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.

Shuningdek, delegatsiyalar sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika sohalarida o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish, transport va logistika masalalaridagi hamkorlikni izchil chuqurlashtirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida delegatsiyalar rahbarlari tomonidan tegishli bayon imzolandi.