O’zbekiston Senat raisi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili bilan uchrashdi

Senat raisi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva diplomatik missiyasi yakunlanayotgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida dolzarb masalalar yuzasidan ikki tomonlama hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijalari haqida fikr almashildi.

Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) O‘zbekistonning eng muhim xalqaro hamkorlaridan biridir. Ushbu nufuzli tashkilot mamlakatimiz mustaqillikka erishgan paytdan boshlab qo‘llab-quvvatlagan va ko‘plab yo‘nalishlarda biz bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekiston BMTning qator tarkibiy tuzilmalari, xususan, Taraqqiyot dasturi bilan doimiy hamkorlikda ko‘plab loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdi va bu jarayon uzluksiz davom etmoqda. Xususan kichik va o‘rta biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda hukumatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyat olib borayotgani xalqimiz manfaatiga xizmat qilmoqda.

Senat Raisi O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi aloqalar yana-da mustahkamlanib, mintaqaviy darajadagi hamkorlik kengaygani, ko‘plab konseptual loyihalar amalga oshirilgani, muhim qarorlar qabul qilinganini alohida taʼkidlab o‘tdi. Xususan, M.Dimovskaning O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasiga to‘xtalib, uning bevosita ko‘magida mamlakatimizning barcha hududlarida bir qator yirik tadbirlar va loyihalar amalga oshirilganini, ekologiya, qishloqlarni rivojlantirish, BRMga erishish, gender tengligi va inklyuziv siyosat kabi qator sohalarda sezilarli yutuqlarga erishilganini qayd etdi.

O‘z navbatida, Matilda Dimovska O‘zbekiston tobora rivojlanib borayotgani, ayrim mamlakatlarda iqtisodiy stagnatsiya yuz berayotgan bir sharoitda O‘zbekistonda o‘sish kuzatilayotgani, inson kamoloti (taraqqiyoti) indeksi reytingida yuqori pog‘onalarga ko‘tarilib borayotganiga to‘xtalib o‘tdi. Bular o‘z o‘zidan bo‘lmasligi, mamlakat rahbariyatining qatʼiy siyosiy irodasi va belgilangan rejalar sari sobitqadamligi tufayli erishilayotganini taʼkidladi. M. Dimovska BMTTD va O‘zbekiston hamkorligi bundan keyin ham izchil davom ettirilishi, birgalikdagi loyihalarning ko‘lami kengayib borishini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunida Senat Raisi Matilda Dimovskaga samarali hamkorlik uchun tashakkur bildirib, kelgusi faoliyatiga omad tiladi.