O’zbekiston O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida aviaqatnovlar soni ko‘paytiriladi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida aviaqatnovlar soni ko‘paytiriladi

2023-yil 15–16-iyun kunlari Istanbul shahrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ikki davlat aviatsiya ma’muriyatlarining maslahatlashuvlari tashkil etildi.

Tadbirda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish va yangi yo‘nalishlar ochish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi jami aviakatnovlar sonini haftasiga 58 tadan 72 taga oshirish hamda yangi yo‘nalishlar ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Jumladan, 2023–2024-yillar davomida Toshkent va Istanbul o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini haftasiga jami 38 tadan 50 taga yetkazish hamda Qarshi, Termiz, Nukus, Namangan, Andijon shahalaridan Istanbul shahriga yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishiga kelishildi va bu bo‘yicha tegishli hujjat imzolandi.