Jahon BMT Bosh kotibi Afrika yetakchilari Putin bilan don bitimini uzaytirish borasida kelishib...

BMT Bosh kotibi Afrika yetakchilari Putin bilan don bitimini uzaytirish borasida kelishib olishlariga umid qilishini ma’lum qildi

BMT Bosh kotibi yaqin orada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadigan Afrika davlatlari yetakchilari delegatsiyasi Ukraina donini eksport qilish bo‘yicha bitim muddatini uzaytirishga kelishib olishiga umid bildirdi.

“Putin va Afrika mamlakatlari yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng don bitimi, shuningdek, Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilish doirasida harakatlarimiz bo‘yicha ijobiy natija bo‘ladi, deb umid qilaman”,  deydi Guterrish.

Payshanba kuni Afrika delegatsiyasi Varshavada Polsha prezidenti Anjey Duda bilan uchrashdi. Rejaga ko‘ra, delegatsiya juma kuni Kiyevga tashrif buyurib, Volodimir Zelenskiy bilan, shanba kuni esa Sankt-Peterburgda Vladimir Putin bilan uchrashadi.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Afrika yetakchilari Ukraina va Rossiya o‘rtasida o‘t ochishlarning to‘xtatilishiga erishishga harakat qilmoqda va Moskvaga o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqishni, Kiyev va G‘arb davlatlariga sanksiyalarni yumshatishni taklif qilmoqda.

Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Afrika qit’asi vakillari va Putin o‘rtasidagi muzokaralar mavzularidan biri don bo‘yicha kelishuv bo‘lishi kerak. Bu ularga Qora dengiz portlari orqali millionlab tonna Ukraina g‘allasini eksport qilish va shu orqali Afrika mamlakatlari uchun muhim bo‘lgan jahon bozoridagi narxlarni pasaytirish imkonini beradi.