Shu yil 15 iyul kuni «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordam sifatida ajratilgan “C” gepatitiga qarshi “Daklatasvir” dori vositasining o‘ninchi qismini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur insonparvarlik yordamida O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 20-21 fevral kunilari Misrga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar hamda davlatimiz rahbarining «Gepatit C» kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolash bo‘yicha» saylovoldi tashabbusining ijrosi doirasida Misr sog‘liqni saqlash vazirligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida amalga oshirildi.
Umumiy hajmi 114 qutida 3 ming donadan ortiq «Daclatasvir-60 mg» dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.
Qayd etish joizki, Misr gepatit “V” va “C” viruslariga qarshi kurashda dunyo miqiyosida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan.
Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, mamlakat aholisi ushbu kasallikdan butunlay forig‘ bo‘lgan va bu haqida vazir Xalid Abdug‘affor joriy yilning 21-30 may kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 76-sessiyasida maʼlum qildi. Xalqaro tashkilot mutaxassis va ekspertlari Misrning ushbu yo‘nalishdagi yutuqlarini o‘rgandi va joriy yilning iyun oyida tegishli hisobot eʼlon qilishi hamda gepatit “S” virusi batamom barham topilgani haqidagi shahodatnoma Misr hukumatiga taqdim etilishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, Misr hukumati mazkur yutuqlarga erishish uchun «100 million sog‘lom hayot» milliy dasturni ishlab chiqib, uni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Bunda asosiy eʼtibor dunyoning mashhur farmatsevtika kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kengaytirishga qaratilmoqda.