O’zbekiston Janubiy Koreyaning KBS telekanali O‘zbekistonga bag‘ishlab maxsus teledastur tayyorladi

Janubiy Koreyaning KBS telekanali O‘zbekistonga bag‘ishlab maxsus teledastur tayyorladi

Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan O‘zbekistonning Seul shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz turizm salohiyatini xorijiy davlatlarda keng targ‘ib etish va bu orqali yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida Koreyaning “Korean Broadcasting System” (KBS) milliy telekanali vakillarining O‘zbekistonga ijodiy safari tashkil etilmoqda.

Ijodkorlar mamlakatimizning tarixiy shaharlarida bo‘lib, “KBS” telekanalining “Dunyo bo‘ylab piyoda sayohat qilish” telekoʻrsatuvi orqali efirga uzatiladigan “Oʻzbekiston, Buyuk Ipak yoʻli boʻylab vaqt sayohati” nomli hujjatli filmni tasvirga olishadi.

Filmda, oʻzbek xalqining madaniyati va anʼanalari, zamonaviy turistik infratuzilmasi, milliy taomlari hamda meʼmoriy yodgorliklari haqida hikoya qilinadi.

Ma’lumot uchun, “Dunyo boʻylab piyoda sayohat qilish” teleloyihasi, KBSning eng yaxshi sayohat dasturi boʻlib, Koreyaning potentsial sayyohlari orasida eng mashhur dasturlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston haqida ushbu teledastur orqali bundan oldin 3 ta katta material keng yoritib o‘tilgan.

Bu safargi dasturlarida ham KBSning “Ipak yo‘lidagi voha” dasturida O‘zbekistonning tarixiy diqqatga sazovor joylari, turizm sohasidagi zamonaviy yutuqlarga e’tibor qaratilmoqda.

Ijodiy guruhning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlariga tashrifi va ushbu hududlardagi tarixiy-madaniy, diqqatga sazovor joylarda tasvirga olish ishlarini olib borishi rejalashtirilgan.