O’zbekiston Shavkat Mirziyoyev: Turizm eksportini 3-4 barobar oshirsak, jaydari qilib aytganda, “paxta ekmasak”...

Shavkat Mirziyoyev: Turizm eksportini 3-4 barobar oshirsak, jaydari qilib aytganda, “paxta ekmasak” ham bo‘laveradi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuvi boshlandi.

Uchrashuv chog‘ida kelgusi yetti yilda turizmni rivojlantirishga oid rejalar haqida to‘xtaldi.

“Turizm sohasida yaratilgan 1 ta yangi ish o‘rni, boshqa sohalarda yana 2 ta ish o‘rni paydo bo‘lishiga turtki beradi.

Ochiq aytadigan bo‘lsak, jazirama issiq va izg‘irin sovuqda, hammani paxtaga majburiy safarbar etgan yillarda ham, O‘zbekiston paxta tolasining eksporti 1 milliard dollardan oshmagan.

Hozirgi kunda turizm eksporti bu marradan oshib o‘tdi. Agar uni 3-4 barobar oshirsak, jaydari qilib aytganda, “paxta ekmasak” ham bo‘laveradi.

Shunga ko‘ra:

  • barcha xalqaro aeroportlarda xorijiy turistlarga O‘zbekistonda sotib olgan mahsuloti uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish yo‘lga qo‘yiladi;
  • xorijdan turist olib kelgan tur-operatorlarga eksportchi korxonalar kabi, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘liq qaytarib beriladi;
  • tur-operatorlar transportiga shahardagi turistik marshrut va obyektlarga borish uchun qulay harakatlanish sharoitlari ta’minlanadi;
  • chet eldan olib kelingan turistik transport vositalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 3 yil ichida foizsiz va bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi”, – dedi nomzod.