O’zbekiston Saylov kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi

Saylov kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi

”Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun joriy yilning 6-mayida (OʻRQ–838-son, 06.05.2023-y.) Prezident tomonidan imzolandi

Jumladan, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra:

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy oʻziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va anʼanalardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli.

Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar Viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi aʼzosi boʻlishi mumkin emas.

Prezident muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 2 oy ichida oʻtkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Qonunchilik palatasi Prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 3 oy ichida oʻtkaziladi.

Qonunchilik palatasi tomonidan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 2 oy ichida oʻtkaziladi;

Senat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Senat aʼzolarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 3 oy ichida oʻtkaziladi.

Senat tomonidan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Senat aʼzolarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 1 oy ichida oʻtkaziladi.