9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, xotira marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbari an’anaga ko‘ra “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi va urushda halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Ikkinchi jahon urushida 2 millionga yaqin o‘zbekistonlik jangchilardan 540 ming nafari halok bo‘lgan, 214 mingga yaqini orden va medallar bilan mukofotlangan. Urush yillarida O‘zbekiston 1,5 million ko‘chirilgan inson, jumladan, 250 ming yetim bolaga boshpana bergan.
Prezident Mirziyoyev:
"Bu qahramonliklarni hech qachon unutmasligimiz, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak. Ayniqsa, hozirgi tahlikali zamonda buning ahamiyati katta", — dedi.
Tadbirda Qurolli Kuchlar, jamoat tashkilotlari va nuroniylar ishtirok etdi. Prezident “Xotira nuri” yodgorligini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu kompozitsiya urush va mehnat fronti qahramonlari xotirasiga bag‘ishlangan.