O’zbekiston Sun’iy intellekt kelajagi va global integratsiya” mavzusidagi xalqaro sammit bo’lib o’tdi-foto

Sun’iy intellekt kelajagi va global integratsiya” mavzusidagi xalqaro sammit bo’lib o’tdi-foto

Bugun Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda uning hamkorlari ishtirokida “ICTweek – 2023” haftaligi doirasida “Sun’iy intellekt kelajagi va global integratsiya” mavzusidagi xalqaro sammit bo’lib o’tdi.

Mazkur tadbirda “UZINFOCOM”, “KOIIA”, “Sber”, “VEON AdTech”, “Yandex”, “Amazon”, “Huawei”, “Foxconn”, “Presight AI”, “Markaziy Osiyo sun’iy intellekt uyushmasi”, O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi kabi kompaniya va tashkilotlarning sun’iy intellekt yo’nalishida faoliyat olib boruvchi ekspertlar va jurnalistlar shuningdek, talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.

“- Xalqaro sammitni tashkil qilishdan ko’zlangan asosiy maqsad sun’iy intellekt texnologiyalari va ularni hayotga tatbiq qilish bo’yicha eng so’nggi xalqaro tajriba bilan tanishish va fikr almashishdan iborat” – deydi, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Anvarxodja Kadirov.

Dastlab, tadbirni moderator – Raqamli texnologiyalar vazirligi, Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish bo’lim boshlig’i Aziz Atabekov kirish nutqi bilan ochib berdi hamda tadbir ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Sammit doirasida o’z taqdimotlari bilan ishtirok etgan xorijlik ekspertlar sun’iy intellekt tizimlaridan ta’lim, sog’liqni saqlash, energetika, raqamli hukumat, qishloq xo’jaligi hamda sanoatda foydalanish xususida ma’ruza qildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarning bugungi kunda mamlakatimizda turli soha tarmoqlarini raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish xususidagi taklif va mulohazalari atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, tashrif buyurgan xorijlik ekspertlar bilan kelgusida qo’shma loyihalarni amalga oshirish rejalari kelishib olindi.