O’zbekiston Volontyorlik faoliyatiga oid qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda

Volontyorlik faoliyatiga oid qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda

Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini yana-da rivojlantirish, fuqarolarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga, ularning ijtimoiy vazifalarni hal etishdagi masʼuliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.

Shu bilan birga volontyorlik faoliyatini yana-da rag‘batlantirish, davlat organlarining volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar bilan hamkorligini kuchaytirish, ijtimoiy vazifalarni hal etishda volontyorlarga ko‘maklashish, ularning xizmatlarini eʼtirof etish hamda taqdirlash mexanizmlarini takomillashtirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Ushbu Qonun bilan Vazirlar Mahkamasiga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning bajarilishini taʼminlash bo‘yicha vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda. Zero statistik maʼlumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda volontyorlik guruhlari aʼzolarining 80 foizini yoshlar tashkil etadi.

Qonunga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi sohada davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish, volontyorlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi vakolatlarga ega bo‘ladi.

O‘z navbatida, Senat aʼzolari tomonidan Qonun muhokamasi jarayonida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar volontyorlik faoliyatini rivojlantirishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining masʼuliyatini oshirishga hamda volontyorlik faoliyatini yana-da rag‘batlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda, ayniqsa yoshlar orasida xayrli tashabbuslar yana-da ko‘payishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.