O’zbekiston Yaponiyaning Inson resurslari tarmog‘i xalqaro tashkiloti fondi o‘zbekistonlik talabalar uchun stipendiya...

Yaponiyaning Inson resurslari tarmog‘i xalqaro tashkiloti fondi o‘zbekistonlik talabalar uchun stipendiya ajratadi

O‘zbekiston elchixona va Yaponiyaning Inson resurslari tarmog‘i xalqaro tashkiloti fondi (IHNO) o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

IHNO 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib, xayriya fondi hisoblanadi. Fond faoliyatining asosiy yo‘nalishi inson resurslari va akademik almashinuv loyihalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

IHNO Yaponiya va chet el talabalariga bir oyda 30 ming yengacha (taxminan 240 AQSH dollari) bo‘lgan stipendiyalar taqdim etadi.

Kelishuvga binoan, har yili talabalik maqomiga ega bo‘lgan va to‘liqsiz ish vaqti asosida ishlayotgan 10 nafar O‘zbekiston fuqarosiga ikki yil muddatga stipendiya ajratiladi.

Umumiy qiymati 200 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha 2024-2026-yillar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda, taqdim etilayotgan stipendiya va nomzodlar soni, xususan, mehnat muhojirlarini ham qamrab olish orqali kengaytirish imkoniyati mavjud.

IHNO jamg‘armasi bilan Yaponiyada o‘zbekistonlik talabalar sonini oshirish, O‘zbekistonga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlarini birgalikda o‘tkazish va jamg‘arma rahbariyatining yurtimizga tashrifini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.