O’zbekiston O‘zbekistonning elchisi Isroilda Tel-Aviv-Yaffo shahri meri bilan uchrashdi

O‘zbekistonning elchisi Isroilda Tel-Aviv-Yaffo shahri meri bilan uchrashdi

O‘zbekistonning Isroildagi elchisi Feruza Mahmudova Tel-Aviv-Yaffo shahri meri Ron Xulday bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Toshkent va Tel-Aviv-Yaffo shahar maʼmuriyatlari o‘rtasida aloqalar o‘rnatish, shaharlararo o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ron Xulday Isroilning O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlik ko‘lamlarini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirar ekan, Tel-Aviv-Yaffoning Toshkent bilan muloqotlarini rivojlantirish va aniq maqsadga yo‘naltirilgan loyihalarni ishlab chiqish tarafdori ekanligini maʼlum qildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, ichki va tashqi siyosat, millatlararo va diniy hamjihatlik hamda barqarorlikni mustahkamlash jarayonlariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha turli sohalarda, shu jumladan, raqamli texnologiyalarni shahar boshqaruvida qo‘llash, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va sayyohlik sohasidagi aloqalarni kengaytirish singari yo‘nalishlarda hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan mushtarak manfaatdorlik bildirildi.

Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, Isroilning yirik ishbilarmon, madaniy va sayyohlik markazi hisoblanadigan Tel-Aviv–Yaffoda kompyuter va dasturlash mahsulotlari ishlab chiqarish, mashinasozlik, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat va sanoatning boshqa qator sohalari ravnaq topgan.