Prokuratura Ishga joylashtirib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi

Ishga joylashtirib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan M.P. 9 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularga o‘zini go‘yoki Qarshi zamonaviy ijtimoiy gumanitar nodavlat oliy ta’lim muassasasi rahbari deb tanishtirib, ularni ushbu muassasaga ishga qabul qilishi evaziga jami 12 200 AQSH dollarini va 126,8 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro T.M. fuqaro U.F.ni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan IIB va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Qarshi shahar markaziy poliklinikasi hamshirasi F.P. fuqaro M.Sh.ni tanishlari yordamida Milliy gvardiya viloyat boshqarmasiga qarashli shifoxonaga ishga joylashtirib qo‘yishi evaziga uchun 1 200 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.