O’zbekiston Korrupsion holatlarga sharoit yaratib bergani uchun tibbiyot instituti mas’ullariga chora ko‘riladi

Korrupsion holatlarga sharoit yaratib bergani uchun tibbiyot instituti mas’ullariga chora ko‘riladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat tibbiyot instituti dekani o‘rinbosari A.N. hamda kafedra assistenti K.X. fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, ulardan pora olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi.

Hozir mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan Andijon davlat tibbiyot instituti xodimlari tomonidan sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlarni o‘rganish yuzasidan vazirlikning ishchi guruhi tuzilib, xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Ayni paytda mazkur oliy o‘quv yurtida mas’ul shaxslarning o‘qishga kiritib qo‘yish maqsadida korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘yilganligi, uni keltirib chiqarayotgan tizimli muammolar hamda bunga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan to‘liq o‘rganish o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, korrupsiyaviy holat sodir etilishiga sharoit yaratib berganligi, muassasa xodimlari o‘rtasida yetarlicha tushuntirish ishlari olib bormaganligi sababli institutning qator mas’ullariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.

Hurmatli yurtdoshlar! Agar Siz sog‘liqni saqlash tizimida biror bir korrupsion holatga duch kelsangiz, vazirlikning 1003, 1203 va 1103 (hududlar bo‘yicha) qisqa raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi korrupsiyaviy holatlar hamda noqonuniy xatti-harakatlarning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘ladi.