O‘zbekiston elchixonasi vakillari Hindistondagi «Sarvodaya Healthcare» ko‘p tarmoqli shifoxonasining Onkologiya instituti direktori Dinesh Pendxarkar bilan uchrashdilar, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Dinesh Pendxarkar joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Hindiston tibbiyot forumi va iyul oyida tashkil etilgan xalqaro tibbiyot anjumanidagi ishtirokidan, shuningdek, mamlakatimizning shahar va tumanlariga safarlaridan orttirgan taassurotlaridan kelib chiqqan holda bugungi kunda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasiga qaratilayotgan eʼtibor, tizimdagi islohot va ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi.
Hindistonlik mutaxassis O‘zbekistondagi faol islohotlar sog‘liqni saqlash sohasidagi infratuzilmani tubdan yangilash, davolash amaliyoti sifatini oshirish va mamlakatni xalqaro miqyosdagi tibbiy turizm xabiga aylantirish uchun asos bo‘lishini qayd etdi.
Onkologiya instituti direktori o‘zbekistonlik shifokorlar bilan ko‘p yillik yaqin hamkorlikni yana-da rivojdantirish, hududlarda onkologiya yo‘nalishidagi masalalarga yechim topishga ko‘mak berish, shuningdek, mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi islohotlarga hissa qo‘shish maqsadida ekanligini bildirdi.
Tomonlar O‘zbekiston shifokorlari uchun «Sarvodaya Healthcare» shifoxonasining Onkologiya instituti negizida malaka oshirish kurslarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qilishdi. Dastlabki bosqichda Namangan, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari onkolog mutaxassislarini bir oy muddatga Hindistonga taklif etish imkoniyatlari o‘rganildi.
Mazkur amaliyot muntazamlik asosida davom ettirilib, har oyda 8-10 nafar o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarini institutda hindistonlik hamkasblari bilan tajriba almashishi, sohadagi so‘nggi ilmiy yutuqlar bilan yaqindan tanishishi uchun sharoit yaratilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.