O’zbekiston O‘zbekiston va Xitoyning Guandun provinsiyasi oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlik kengaymoqda

O‘zbekiston va Xitoyning Guandun provinsiyasi oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlik kengaymoqda

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 18-19 may kunlari Xitoyga buyurgan davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash maqsadida mamlakatimizning Guanchjoudagi Bosh konsulligi tomonidan XXRning “Guangdong Ocean University” universiteti rektori Pan Sinsian bilan uchrashuv uyushtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimi va mamlakatimizning Agrar universiteti hamda Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti prorektorlari ham ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida erishilayotgan muvaffaqiyatlarga oid maʼlumotlar Xitoy vakillarining eʼtiboriga havola qilindi.

Shu bilan birga, Xitoy tomoni Toshkent davlat agrar universiteti hamda Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti faoliyati, o‘zaro hamkorlik yuzasidan takliflar bilan ham tanishtirildi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida bir-birini to‘ldirish va integratsiyalashuv, o‘qituvchi va talabalar almashuvi, oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikning yangi yo‘nalishlarini izlashga tayyor ekanliklarini taʼkidlab, quyidagi masalalar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar:

– joriy yil oktyabr oyida “Guangdong Ocean University” rektori boshchiligida delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy safarini uyushtirish;

– O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda yerlarning sho‘rlanishini oldini olish ishlarini amalga oshirish;

– sho‘rlangan yerlar hamda hosil unumdorligini oshirish;

– qishloq xo‘jaligi mahsulotlari unumdorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etish.

“Bugungi uchrashuv universitetimiz va O‘zbekiston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi hamda taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish uchun yaxshi asos yaratdi, – dedi Pan Sinsian. – Men O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak qadrlayman va o‘zaro hamkorlik uchun o‘zbek tomoniga minnatdorlik bildiraman”.

Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Guangdong Ocean University” o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan.