O’zbekiston «Taraqqiyot strategiyasi» markazi rahbari Xitoyning yangi tayinlangan elchisi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama...

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi rahbari Xitoyning yangi tayinlangan elchisi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

«Taraqqiyot strategiyasi» markazida Xitoyning yangi tayinlangan elchisi Yuy Szyun bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Markaz axborot xizmatining maʼlum qilishicha, uchrashuv avvalida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi direktori Eldor Tulyakov Yuy Szyunni yangi lavozimga tayinlanganligi bilan muborakbod etib, O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Shu bilan birga, Eldor Tulyakov elchining Markaz faoliyati, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyati va uni amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturlarining jamoatchilik monitoringini samarali tashkil qilish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

O‘z navbatida, elchi Yuy Szyun «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan tayyorlanayotgan axborot-tahliliy materiallar ikki mamlakatning siyosiy, ilmiy va ishbilarmon doiralar vakillari uchun muhim hujjat bo‘lib xizmat qilayotganligini hamda bu jarayonda Xitoyning yetakchi «aql markaz»lari bilan hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilganligini yuqori baholadi.

Muloqot yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarni yana-da kengayirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olishdi.