O’zbekiston Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining iqtidorli talabalari Ispaniyada amaliyot o‘taydi

Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining iqtidorli talabalari Ispaniyada amaliyot o‘taydi

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti (IAU) rektori Munira Aminovaning Ispaniyaga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

12-13 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif chog‘ida Ispaniyaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari, xususan Kastilya-La Mancha va Madrid politexnika universitetlari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Olib borilgan muzokaralar chog‘ida tomonlar ispan oliy taʼlim muassasalariga IAUning iqtidorli talabalari, tadqiqotchilari va professor-o‘qituvchilarini amaliyot o‘tash, shu jumladan yozgi taʼtil maktablariga, magistratura va doktoranturada o‘qish hamda malaka oshirishga yuborish masalalari muhokama qilindi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar natijasida tomonlar o‘rtasida yetakchi ispan professor-o‘qituvchilarini IAUga jalb qilish va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Hamkorlik memorandumlari imzolandi.

IAU rektori, shuningdek, Ispaniyaning yetakchi taʼlim muassasalari uchun laboratoriya uskunalarini ishlab chiqaruvchi “EDIBON” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur kompaniyaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, sug‘orish texnologiyalari hamda sifat darajasini tekshirish bo‘yicha o‘quv laboratoriya jixozlari bilan IAU o‘quv xonalarini taʼminlash masalalari yuzasidan hamkorlik qilishga kelishib olindi.