O’zbekiston Intervension kardiologiya: Stentlash amaliyoti qanday bemorlarda o‘tkaziladi?

Intervension kardiologiya: Stentlash amaliyoti qanday bemorlarda o‘tkaziladi?

Mirjamol Zufarov,
akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim rahbari, professor, tibbiyot fanlari doktori:

— Statistik tahlillar dunyoda yuz berayotgan o‘lim holatlarining qariyb 60 foizi yurak-qon tomir tizimi kasalliklari oqibatida kelib chiqayotganini tasdiqlaydi. O‘z navbatida, aholi o‘rtasida nogironlik ko‘rsatkichlari ortishida bu omil yetakchi.

Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda yurak nuqsonlarini endovaskulyar usulda davolash, stentlash, aorta-koronar shuntlash, radiochastotali ablatsiya, elektrokardiostimulyator o‘rnatish, yurak klapanlarini protezlash kabi yuqori texnologik muolaja usullari keng joriy etildi.

Toj tomirlarini stentlash — shunday endovaskulyar amaliyotlardan biri. U ingichka metall yoki plastik naychani shikastlangan tomir ichiga qo‘yishga qaratilgan. Bu orqali yurak-qon tomir yo‘llarini kengaytirish va natijada qon aylanishini yaxshilashga erishiladi.

Xo‘sh, stentlash operatsiyasi qachon tavsiya etiladi? Tomir yo‘llari to‘silib qolishining asosiy sababi nima?

Mazkur xastalik tomir devorchalarida yog‘li qatlamlar paydo bo‘lishi bilan kechadi. Bunga nosog‘lom turmush tarzi — chekish, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, kamharakatlilik, noto‘g‘ri ovqatlanish, xususan, tarkibida hayvon yog‘lari bo‘lgan mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilish, jismoniy va ruhiy zo‘riqish hamda tashqi muhitning o‘zgarishi kabi omillar sabab bo‘ladi.

Bora-bora ushbu qatlamlar kalinlashishi tufayli tomir yo‘llari sezilarli darajada torayadi. Bu esa, o‘z navbatida, qon aylanishining buzilishi va yurak ishemik kasalligiga, yurak qon tomirining butunlay yopilishi esa miokard infarktga olib keladi.

Stentlash amaliyoti davolashning boshqa usullariga qaraganda qator afzalliklarga ega. Xususan, stent qo‘yilganidan keyin qon aylanishi tezda normal holatga qaytadi.

Qolaversa, bu muolaja usuli — kam invaziv. Kichik teshik hosil qilish orqali va mahalliy anesteziya ostida amalga oshirilishi tufayli kon ketish xavfi deyarli yo‘q. Eng asosiysi, operatsiyadan keyingi reabilitatsiya davri qisqa bo‘lib, bemorga 1-2 kundan keyin uyga ruxsat beriladi.

Stentlash amaliyoti koronar tomir yo‘li 70 foiz va undan yuqori darajada to‘silib qolganida tavsiya etiladi.

Operatsiyadan so‘ng tarkibida xolesterin moddasi yuqori bo‘lgan mahsulotlardan tiyilish, ko‘proq meva-sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, chekish, spirtli ichimliklardan voz kechish maqsadga muvofiq. Qon aylanishini normal holda saqlab turish uchun yengil badantarbiya mashqlari bilan shug‘ullanish foydali.

Shuningdek, o‘z vaqtida kardiolog ko‘rigidan o‘tib turish ham reabilitatsiya davrining muhim qismi hisoblanadi.

Hozirgi kunda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallarida stentlash amaliyoti keng miqyosda o‘tkazilmoqda.