Ichki ishlar “Telegram” messenjerida “feyk” xabarlar tarqatish orqali fuqarolarning bank kartasidan pullarni oʻzlashtirib kelayotgan...

“Telegram” messenjerida “feyk” xabarlar tarqatish orqali fuqarolarning bank kartasidan pullarni oʻzlashtirib kelayotgan yana bir jinoyatchining qilmishiga chek qoʻyildi

Toshkent shahar, Yangihayot tumanida yashovchi 32 yoshli K.U. (ayol) murojaat qilib, oʻz arizasida oʻzining nomiga rasmiylashtirilgan bank kartasidan 1.140.000 soʻm miqdoridagi pullarni “nomaʼlum shaxs” tomonidan oʻzlashtirib olganligini maʼlum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Fargʻona viloyati, Oltiariq tumanida yashovchi 25 yoshli M.A. sodir etganligi aniqlandi.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan M.A. internet foydalanuvchilariga “Telegram” messenjeri orqali, ijaraga xonadon topib berishini vaʼda qilgan holda ularni qiziqtirib, bank karta maʼlumotlarini qoʻlga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni oʻgʻirlab, qingʻir yoʻllar bilan boylik orttirib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan M.A.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qonunga muvofiq, M.A. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi