O’zbekiston MDH mamlakatlari “Hamdo‘stlik bolalari” forumining tantanali yopilishi marosimi bo‘lib o‘tdi

MDH mamlakatlari “Hamdo‘stlik bolalari” forumining tantanali yopilishi marosimi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 29-iyun kuni Toshkent viloyatidagi “Semurg‘” bolalar oromgohida MDHga aʼzo davlatlarning “Hamdo‘stlik bolalari” sakkizinchi xalqaro madaniy-maʼrifiy forumi yakunlandi.

Forumning tantanali yopilish marosimida barcha delegatsiyalar vakillari so‘zga chiqdilar.

MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi Bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va hukumatiga forumni aʼlo darajada tashkil etgani va Hamdo‘stlik mamlakatlari maktab o‘quvchilari tomonidan iliq kutib olingani uchun minnatdorlik bildirdi.

MDHga aʼzo davlatlarning barcha vakillariga, yaʼni Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston maktab o‘quvchilariga sertifikat va diplomlar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida har bir delegatsiya o‘z mamlakatining anʼana va urf-odatlari aks etgan yakkaxon vokal chiqishlar, raqslar, milliy cholg‘u asboblarida kuylar chalib, yakuniy chiqish qildi.

MDHga aʼzo davlatlar vakillari qayerdan va qaysi millatdan ekani muhim emasligi, barcha bir sayyora odamlari ekanini, forum esa buni yana bir bor tasdiqlay olganini taʼkidladilar.

Tadbir yakuni bo‘yicha barcha davlatlar vakillari har bir ishtirokchining fikr va taklifini bildirgan holda yangi rezolyutsiyani qabul qilib, navqiron avlod tomonidan ilgari surilgan maqsad va rejalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini belgilab oldilar.

Eslatib o‘tamiz 21-iyundan boshlab O‘zbekistonda MDHga aʼzo davlatlarning “Hamdo‘stlik bolalari” sakkizinchi xalqaro madaniy-maʼrifiy forumi o‘tkazildi.

Forum MDH Parlamentlararo assambleyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan MDHda qatnashuvchi davlatlarning davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi.