O’zbekiston “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi umummilliy harakati” qanday vazifalarni o‘z ichiga...

“To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi umummilliy harakati” qanday vazifalarni o‘z ichiga oladi?

Yurtdoshlarimiz orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faollik darajasini yuksaltirish maqsadida “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi umummilliy harakati”ni amalga oshirishga qaratilgan 41 banddan iborat maxsus dastur tasdiqlandi.

Bugungi kunda yurtimizning 28 ta tuman va shahrida umummilliy harakatni amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar boshlandi.

Shuningdek, 28 ta tanlab olingan mahallada hamkorlar bilan birgalikda “Salomatlik maktablari” namunasini yaratish va shu orqali mazkur amaliyotni bosqichma-bosqich boshqa hududlarga tatbiq etish rejalashtirildi.

Maxsus dasturda:

  • aholiga smartfon va dasturiy mahsulotlar yordamida o‘z sog‘lig‘i va ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mobil ilova yaratish;
  • bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talab va cheklovlarni kuchaytirish;
  • ta’lim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash va iste’molini kamaytirish;
  • mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sog‘lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;
  • yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun qisqa to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar, sog‘lomlashtirish mashqlari hamda gigiyena qoidalari to‘plamini yaratish;
  • ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi va sog‘lom ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish nazarda tutilgan.