O’zbekiston O‘zbek travmatologlari tajribasi xalqaro mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi

O‘zbek travmatologlari tajribasi xalqaro mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi

Rossiyaning Qozon shahrida 70 ta davlatdan kelgan 7 mingdan ortiq delegatlar ishtirokida Yevroosiyo ortopediya forumi bo‘lib o‘tdi.

Onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 9 nafar hamda yurtimizdagi boshqa tibbiyot va ta’lim muassasalarining 6 nafar mutaxassisi ham qatnashdi.

Travmatologiya va ortopediya sohasiga doir dolzarb masalalar muhokama qilingan anjuman doirasidagi 15 ta seksiya yig‘ilishlarida markaz mutaxassislari 20 ta ma’ruza bilan chiqish qildi.

Xususan, tizza va son-chanoq bo‘g‘imi patologiyalari, umurtqa va yelka bo‘g‘imlari kasalliklarini zamonaviy usullarda muolaja qilish, bolalarda tug‘ma anomaliyalarni tashxislash hamda davolash bilan bog‘liq mamlakatimiz tajribasi qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi vakillari 9 ta yo‘nalish bo‘yicha mahorat darslarida qatnashib, eng ilg‘or tibbiy texnika hamda operatsiya usullari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.