O’zbekiston Misrdan O‘zbekistonga “B” gepatitiga qarshi dori vositalari olib kelindi

Misrdan O‘zbekistonga “B” gepatitiga qarshi dori vositalari olib kelindi

25-iyun kuni «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordam sifatida ajratilgan “B” gepatitiga qarshi “Entecavir” dori vositatarini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasidan olingan maʼlumotga ko‘ra, Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida O‘zbekistonga insonparvarlik yordam sifatida “B” gepatitiga qarshi “Entecavir” dori vositalarini ajratish xususida kelishuvga erishildi.

Umumiy hajmi 5 ming qutidan ortiq bo‘lgan “Entecavir” dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga beriladi.

Taʼkidlash lozimki, Misr gepatit “B” va “C” viruslariga qarshi kurashda dunyo miqiyosida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan mamlakat hisoblanadi. Misr Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, mamlakat aholisi ushbu kasallikdan butunlay forig‘ bo‘lgan va bu haqda vazir Xaled Abdug‘affor joriy yilning 21-30 may kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 76-sessiyasida maʼlum qildi. Xalqaro tashkilot mutaxassis va ekspertlari Misrning ushbu yo‘nalishdagi yutuqlarini o‘rgandi va joriy yilning iyun oyida tegishli hisobot eʼlon qilishi hamda gepatit “C” virusi batamom barham etilgani haqidagi shahodatnoma Misr hukumatiga taqdim etilishi kutilmoqda. Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, uzoq yillar davomida ushbu kasallikdan aziyat chekkan Misr uni yengishga muvaffaq bo‘lgan dunyodagi birinchi davlatga aylanmoqda.

Misr hukumati mazkur yutuqlarga erishish uchun «100 million sog‘lom hayot» milliy dasturni ishlab chiqib, uni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Bunda asosiy eʼtibor dunyoning mashhur farmatsevtika kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kengaytirishga qaratildi.