30-iyun – Yoshlar kuni bayramiga bag‘ishlangan Seuldagi O‘zbekiston elchixonasi Janubiy Koreyada tahsil olayotgan talabalar ishtirokida «Yoshlar – kelajagimiz bunyodkori» mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vusuk universitetida o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilariga bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar siyosati davlat darajasiga ko‘tarilgani, yosh yigit-qizlarimiz uchun yaratilayotgan keng ko‘lamdagi imkoniyatlar, ularning ilm olishi, o‘qib-o‘rganishi, qizg‘in faoliyat ko‘rsatishi uchun qaratilayotgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyada yoshlarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olgani taʼkidlandi.
Har qanday millat istiqboli va mamlakat qudratini eng avvalo ilmli, maʼrifatli, dunyoqarashi keng ilg‘or fikrlaydigan tashabbuskor va fidoiy yoshlar hal etishi, yurtimizda yoshlarga bildirilayotgan ishonch yildan yilga mustahkamlanib, ularning jamiyatda faol bo‘lishlari, o‘qib ilm olishlari va yurt ravnaqi yo‘lida munosib mehnat qilishlari uchun qator imkoniyatlar taqdim qilinayotgani qayd etildi.
Tadbir doirasida yosh vatandoshlarimizga joriy yilning 9 iyun kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbir – muddatidan oldin O‘zbekiston Prezidentligiga saylovlari haqida maʼlumotlar yetkazilib, muddatdan avval ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar Prezident saylovi mamlakatimiz istiqboli, iqtisodiy-maʼnaviy taraqqiyotining bardavomligini belgilab berishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etib, muddatdan avval ovoz berish jarayonida faol ishtirok etdilar va o‘zlari munosib deb topgan nomzodga ovoz berdilar.