O’zbekiston Dubayda turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilindi

Dubayda turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 15-iyun kuni Dubay shahrida joylashgan “Holiday factory” sayyohlik kompaniyasi bilan O‘zbekiston elchixonasi o‘rtasida sayyohlar uchun “O‘zbekiston” yo‘nalishini yozgi taʼtillar mavsumida jadal targ‘ib qilish yuzasidan muzokaralar yakunlanib, tegishli shartnoma imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur shartnomaga muvofiq, targ‘ibot ishlari BAA bo‘ylab onlayn va oflayn media marketing usullarida amalga oshiriladi. Natijada, joriy yilning 15 sentyabriga qadar kafolatlangan 1000 nafar sayyoh O‘zbekistonga yuboriladi.

Shuningdek, imzolash marosimi davomida “Holiday factory” sayyohlik kompaniyasi asoschisi Irfan Jokovich va boshqaruv direktori Sandra Demrich bilan targ‘ibotni amalga oshirish bosqichlari va kelgusi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuvdan so‘ng olingan maʼlumotlar asosida boshlang‘ich targ‘ibot natijalariga ko‘ra sayyohlarda O‘zbekiston yo‘nalishiga qiziqish yuqoriligi taʼkidlanib, yaqinlashib kelayotgan “Qurbon hayiti” davomida beriladigan haftalik dam olish kunlari uchun faqatgina Toshkent shahrini o‘ziga 150 nafar turistlar sayyohlik paketlarini xarid qilganini maʼlum qildi.

Kompaniya rahbariyatining taʼkidlashicha, hozirda Hindiston turizm bozorida 20 yil muqaddam Xitoy bozorida kuzatilgan o‘rta qatlam sayyohlari oqimi shakllanmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, kompaniya Hindistonda o‘z ofisini tashkil qilishni rejalashtirayotgani hamda hindistonlik sayyohlarning O‘zbekistonga qiziqishini o‘rganib borishayotganini bildirdi. O‘rganishlar hamda hamkorlik natijalari kutilganidek bo‘lsa, kompaniya kelgusida Toshkent shahrida sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda.

Muzokaralar yakunida “Holiday factory” tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot ishlari, shuningdek O‘zbekistonga yuborilayotgan turistlarga doir maʼlumotlar har oy oxirida elchixonaga taqdim etib borilishi va shartnomada ko‘rsatilgan kafolatlangan sayyohlar sonini taʼminlash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilishi to‘g‘risida kelishinib olindi.