O’zbekiston Kardiologiya markazida AQSHning yetakchi klinikasi professori bilan hamkorlikda amaliyotlar o‘tkazilmoqda

Kardiologiya markazida AQSHning yetakchi klinikasi professori bilan hamkorlikda amaliyotlar o‘tkazilmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining shu yil may oyida AQSHga safari okeanorti mamlakati bilan tibbiyotning ko‘plab yo‘nalishlari qatori kardiologiya sohasida ham yangi hamkorlik ufqlarini ochdi.

Buning amaliy natijasi o‘laroq, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining taklifiga binoan AQSHning Texas shtatida joylashgan Xyuston metodologik gospitali professori doktor Moritz Vayler fon Ballmus yurtimizga tashrif buyurdi.

Amerikalik mutaxassis shu yil 19-22-iyun kunlari markazda yurak-qon tomir kasalliklarini kam invaziv operatsiyalar yordamida davolash bo‘yicha mahorat darslari va leksiyalar o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, Xyuston metodologik gospitali Texas shtatining birinchi raqamli shifoxonasi bo‘lib, Qo‘shma Shtatlar tibbiyot muassasalari reytingida 15-o‘rinni egallaydi.

O‘z navbatida, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi ham O‘zbekistonning kardiologiya sohasida vertikal boshqaruvga ega bosh muassasasi hisoblanadi.

Markaz tomonidan xorijiy yetakchi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida Germaniyaning Sharite klinikasi, Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazi, Amerikaning “Abbott Laboratories” kompaniyasi, Belarus kardiologiya markazi, shuningdek, Rossiyaning A.V.Vishnevskiy nomidagi Milliy jarrohlik ilmiy tadqiqot markazi va Terapiya va tibbiy profilaktika markazi kabi muassasalar bilan mutaxassislarni o‘qitish, mahorat darslari tashkil etish, birgalikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

— Dunyoning nufuzli tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik natijasida markazimizda qator yuqori texnologiyalarga asoslangan ilg‘or davolash usullari yo‘lga qo‘yildi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori Xurshid Fozilov. — Yurtimizda birinchi marotaba urib turgan yurakda klapan protezlash amaliyotlari, 3D videotorakoskop uskunasi yordamida tug‘ma va orttirilgan yurak nuqsonlarida jarrohlik amaliyotlari bajarildi. O‘tkir koronar sindromda birlamchi stentlash “oltin soat” ichida bajarilishi yulga quyildi. 2022-yil davomida 119 nafar bemorda bu turdagi amaliyotlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Shuningdek, barcha hududlarda yurak nuqsonlarini endovaskulyar yo‘l bilan berkitish, periferik tomirlarda endovaskulyar, kam invaziv yurak jarrohligi amaliyotlari ilk bor bajarildi.

Markazda 18 turdagi, viloyatlar darajasida 36 turdagi, tuman darajasida 8 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari tatbiq qilindi.

Amerikalik mutaxassislarning tashrifi natijasida bu muvaffaqiyatlar qamrovini yanada kengaytirish uchun yana bir dadil qadam qo‘yildi.

Xususan, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida qilinadigan ishlar kelishib olinib, Xyuston metodologik gospitali bilan markaz o‘rtasida memorandum imzolandi.