O’zbekiston Toshkentda xitoylik kompaniya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Toshkentda xitoylik kompaniya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

16-iyun kuni Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov “China Gezhouba Group Overseas Investment Co.,Ltd” kompaniyasining raisi Lin Syaodan hamda kompaniya vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Sh.Umurzoqov mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, Toshkentda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit, uning turizm, biznes, kommunal soha, energetika, sanoat va boshqa qator yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotganini ma’lum qildi. Mazkur uchrashuv o‘zaro manfaatli va foydali hamkorlikka asos solishi mumkinligiga ishonch bildirdi.

Lin Syaodan o‘zi boshchilik qilayotgan kompaniya haqida batafsil so‘zlab, uning 140 dan ortiq mamlakatda 200 dan ortiq loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgani, xususan, yurtimizning Samarqand viloyatida ham sement zavodi qurilib, u Markaziy Osiyoda eng katta quvvatga ega korxona bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qildi.

“China Gezhouba Group Overseas Investment Co.,Ltd” kompaniyasi keng ko‘lamli faoliyat olib borishi, xususan, shahrimizda energetika, yerosti muhandislik kommunikatsiyalarini o‘tkazish va ishga tushirish, issiq va sovuq suv, elektr ta’minotini yaxshilashga qaratilgan loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdorligini ma’lum qildi.

Sh.Umurzoqov bildirilgan takliflar uchun minnatdorlik bildirib, hozirgi kunda poytaxtimizda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar haqida ma’lumot berdi. Xususan, muqobil energiya manbalarini o‘rnatish, issiqlik va elektr quvvati kogeneratsiyasini yo‘lga qo‘yish kabi qator yo‘nalishlarda ishlash istiqbollari borligini aytdi. Shuningdek, agar Xitoy kompaniyasi ularda ishtirok etishga qiziqish bildirsa, hokimlik bu borada har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini aytdi.

Uchrashuv yakunida taraflar muloqotni davom ettirishga hamda amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishga kelishib olishdi.