Jurnalistik surishtiruv Fermer xo’jaligi yerlari asossiz olib qo’yildimi?

Fermer xo’jaligi yerlari asossiz olib qo’yildimi?

Taftish.uz axborot agentligiga navbatdagi murojaat arizasi Namangan viloyati, Kosonsoy tumanida faoliyat olib borayotgan “Murodjon qandiyoni” fermer xo‘jaligi rahbari M.Mamatovdan kelib tushgan.
Murojaat muallifi o‘z murojaatida, uzoq yillardan buyon Kosonsoy tumanida “Murodjon qandiyoni” fermer xo‘jaligini tashkil etib oilaviy tarzda ushbu fermer xo‘jaligini yuritib kelishayotganliklarini, onasi N.Dadabayeva uzoq yillar davomida fermer xo‘jaligi rahbari sifatida samarali faoliyat yuritganligini, fermer xo‘jaligiga berilgan yer maydonlarida davlat tomonidan belgilab berilgan rejalarni o‘z vaqtida ortig‘i bilan topshirib kelganliklarini, 2019-yilda fermer xo‘jaliklari maqbullashtirilganda ularning fermer xo‘jaligi biriktirilgan yer maydonlari asossiz ravishda “Shirin buloq” fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilganligini ma‘lum qildi.
Shuningdek, murojaat muallifi o‘z murojaatida avvaliga ilojsiz ravishda yerlari tortib olinganinga rozi bo‘lishganligini, avvaliga “Shirin buloq” fermer xo‘jaligi rahbari L.Darveshov bilan birgalikda ishlaganliklarini hamda kontraktatsiya shartnomalarida belgilangan reja bo‘yicha hosillarni ortig‘i bilan topshirib kelganliklarini, ammo yaqin kunlarda yer maydoni Shokir ismli boshqa shaxsga berib yuborilganligini bilganliklarini hamda u odam bilan birgalikda ish faoliyatini davom ettira olmaganliklari tufayli Kosonsoy tumaniga yangi tayinlangan tuman hokimi D.Qodirov huzuriga bir necha bor boganliklarini, ammo hokim tomonidan ularning masalalari ijobiy hal qilinmaganini bayon qilgan.
Agentlikning ushbu murojaat yuzasidan dastlabki surishtiruvida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2019-yil 9-yanvardagi 14-sonli qarorida fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining yer maydonlarini maqbullashtirish uchun tuzilgan ishchi guruhi maqbullashtirilayotgan yer maydonlarining yagona ro‘yxatini shakllantirishda fermer xo‘jaliklariga ajratilgan yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilayotganligi va yer ijara shartnomasi shartlariga rioya etilayotganligini, ishlab chiqarish faoliyatini, tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishini, mahsulot sotishdan tushgan mablag‘larning bank hisobvaraqlari orqali aylanishini, debitor-kreditor qarzdorliklari va moliyaviy holatini, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyatida qo‘shimcha tarmoqlar tashkil etilganligini, talab etiladigan zarur qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlar bilan ta’minlanganlik darajasini, moddiy-texnika resurslaridan samarali foydalanish holatini tahlil qilib maqbullashtirishni amalga oshirish belgilangan bo‘lsa-da, yer maydonlarini maqbullashtirish uchun tuzilgan ishchi guruhi tomonidan fermer xo‘jaliklari uchun berilgan yer maydonlarini maqbullashtirishda bir qator me’zonlar buzilganligi, Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida qonuni talablari hamda yuqoridagi qaror talablariga rioya qilinmaganligi, yer maydoni murojaatchiga tegishli fermer xo‘jaligidan noqonuniy olib qo‘yilganligi, tuman hokimligi mutasaddilari xo‘jasizlarcha ish qilganliklari, shuningdek yuqorida nomi keltirilgan qarorda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga hududlarga biriktirilgan respublika ishchi guruhlari va hududiy ishchi guruhlar faoliyati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasi bo‘yicha muntazam axborot berib borilishini ta’minlash va yer uchastkalarini maqbullashtirish ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash choralarini ko‘rish topshirilgan bo‘lsa-da ishchi guruh faoliyatini yetarlicha o‘rganmaganligi, buning natijasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor manfaatlari buzilganligi, ularning Prezident tomonidan olib borilayotgan islohotlarga ishonchi susayishiga sababchi bo‘lganligi holatlari aniqlandi.
“Taftish.uz” axborot agentligi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘rsida”gi va “Prokuratura to’g’risida”gi qonun talablariga asosan O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakildan, “Murodjon qandiyoni” fermer xo‘jaligi rahbari M.Mamatovning murojaatini murojaatda keltirilgan barcha vajlarning qonuniy tartibda o’rgangan holda ko‘rib chiqishingizni hamda natijasi yuzasidan agentlikka batafsil axborot berilishini so‘raydi.