Madaniyat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning milliy bayrami – Respublika eʼlon qilingan...

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning milliy bayrami – Respublika eʼlon qilingan kunning 100-yilligi munosabati bilan Prezident Rejep Tayyip Erdogʻanga tabrik yoʻlladi

Maktubda xalqlarimiz oʻrtasidagi umumiy til, mushtarak urf-odatlar, oʻzaro hurmat va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik aloqalari soʻnggi yillarda sifat jihatidan yuksak bosqichga koʻtarilib, munosabatlarimizdagi yangi tarixiy davrni boshlab bergani katta mamnuniyat bilan taʼkidlangan.

“Nasib etsa, Siz bilan birgalikda xalqlarimizning umumiy ravnaqini taʼminlash yoʻlida kelishib olgan barcha yirik loyiha va aniq dasturlarni toʻliq amalga oshiramiz hamda koʻzlagan ulkan marralarimizga albatta erishamiz”, – deyiladi jumladan qutlovda.
Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisi va oila aʼzolariga sihat-salomatlik, farovonlik va baxt-saodat, masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, qardosh turk xalqiga esa tinchlik-omonlik, bardavom taraqqiyot va yuksalishlar yor boʻlishini tiladi.