O’zbekiston Buxoro viloyati va Panjob provinsiyasi o‘rtasida hamkorlik kengayadi

Buxoro viloyati va Panjob provinsiyasi o‘rtasida hamkorlik kengayadi

Buxoro viloyati hokimligida yurtimizga amaliy tashrif bilan kelgan Panjob viloyati bosh vaziri Said Mohsin Raza Naqvi boshchiligidagi Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi bilan o‘tgan uchrashuvda rasmiy doira vakillari, yirik sarmoyadorlardan iborat delegatsiyaning Buxoroga keng ko‘lamdagi ilk tashrifi ikki davlat rahbarlarining hamkorlik aloqalari mahsuli ekani alohida ta’kidlandi.

— Bizni Buxoroda o‘zbekona lutf va mehmondo‘stlik bilan kutib olishdi, – dedi Panjob viloyati bosh vaziri Said Mohsin Raza Naqvi.

— Bu yerda o‘zimizni o‘z uyimizda yurgandek his etmoqdamiz. Siyosatchi sifatida biznesga ko‘maklashish mening vazifam. Shu boisdan biz Buxoro viloyati iqtisodiyotining rivojlangan tarmoqlarini o‘rgangan holda keldik. Pokiston tekstil fabrikalari assotsiatsiyasi raisi, Lohardagi “Lake Sity” savdo majmuasi ta’sischisi, yirik tadbirkor Gohar Ejaz va Pokistondagi yagona, eng yirik mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi “Fatima Group” kompaniyasi ijrochi direktori, yirik shakar va sement zavodlari egasi Fovar Muxtar Panjob iqtisodiyoti rivojida o‘z o‘rniga ega. Ular bilan Buxoroda ham biznes tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish borasida hamkorlikni o‘rnatish niyatidamiz. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, paxta-to‘qimachilik sanoatida manfaatli hamkorlik qilish tarafdorimiz.

Panjob ishbilarmon doira vakillari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganini, qator yirik loyihalar amalga oshirilishi tufayli yetishtirilgan paxta shu yerning o‘zida yarim tayyor va tayyor mahsulotga aylantirilayotganini e’tirof etishdi. Ayniqsa, paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishilayotgani, bunda klaster tizimi ijobiy samara berganini qayd etib, ushbu tajribani o‘rganish va uni hamkorlikda Panjob viloyatida joriy etish taklifini bildirishdi.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov o‘z so‘zida Pokistonning eng yirik viloyati bo‘lgan Panjob va Buxoro o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanligi, o‘zaro hamkorlik strategiyasi va muayyan yo‘nalishlarni ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tashkil etilishi, unga shaxsan o‘zi boshchilik qilishini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida Buxoro viloyati hokimligi va Panjob provinsiyasi hukumati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va turizm sohalaridagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida dastlabki shartnoma imzolandi.

Pokiston delegatsiyasining Buxoro viloyatiga tashrifi davom etmoqda. Panjoblik rasmiylar, investor va tadbirkorlar tashrif dasturiga kiritilgan yirik korxonalar faoliyati bilan tanishmoqda.