O’zbekiston O‘zbekistonda uzumchilik sohasi yana-da rivojlantirish uchun xorijiy davlatlar ilmiy muassasalari hamda ilg‘or...

O‘zbekistonda uzumchilik sohasi yana-da rivojlantirish uchun xorijiy davlatlar ilmiy muassasalari hamda ilg‘or tajribaga ega xalqaro tashkilotlardan soha mutaxassislari jalb qilinadi

O‘zbekiston Prezidenti «2023–2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yana-da rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjatda mamlakatimizda uzumchilik va vinochilik sohasini yana-da rivojlantirish, yangi istiqbolli sanoatbop uzum navlarini ko‘paytirish va yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, qayta ishlash korxonalarini xomashyo bazasi bilan taʼminlashni mustahkamlash va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, malakali mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, uzum va vinochilik mahsulotlari eksporti hajmlarini oshirish vazifalari belgilangan.

Xususan, qaror bilan, mamlakatimizning 51 ta tuman va shaharlarida «Oltiariq tajribasi» asosida har biri 2–2,5 ming gektar yer maydonlarida uzum plantatsiyalari tashkil etiladi.

2023-yil 1-avgustdan boshlab uzum mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy etildi.

Unga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirishga ajratiladigan mablag‘lari hisobidan yangi uzumzorlarni barpo qilish, ko‘chat tayyorlash va “in-vitro” laboratoriyalarini ishga tushirish loyihalarini amalga oshirish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat beriladi.

Bunda jamg‘arma mablag‘lari «Qishloq qurilish bank» ATBga Markaziy bankning asosiy stavkasida resurs sifatida joylashtiriladi hamda loyiha tashabbuskorlariga 10 yil muddatga (5 yillik imtiyozli davr bilan) 2 foizdan ko‘p bo‘lmagan marja bilan tijorat krediti ajratiladi. Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi tadbirkorlarga uzum plantatsiyalarida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, yangi tokzorlarni barpo etish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatadi.

Qarorda yangi uzumzorlarni 1 gektardan 10 gektargacha bo‘lgan maydonlarda barpo qilish bo‘yicha loyihalar Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtiriladi. Yirik uzumchilik plantatsiyasi shaklidagi loyihalar «Qishloq qurilish bank» kreditlari hisobidan amalga oshiriladi. Texnik navli uzum plantatsiyalarini yaratish hamda uzum, mevalar va rezavorlardan alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga kompensatsiya va kafilliklar beriladi.

Hujjatda xorijdan keltirilgan sovuqqa chidamli, urug‘siz, hosildorligi yuqori 34 xildagi uzum navlarini “in-vitro” laboratoriyalarida respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha sinov-tajribalar tashkil qilinishi qayd etilgan.

Shuningdek, qarorda «Made in Uzbekistan» brendi ostida xorijiy davlatlarda milliy vino savdo uylarini ochish hamda vino mahsulotlari eksportini targ‘ib qilish bo‘yicha vazifalar begilangan.

Hujjatga muvofiq, 2024-yil 1-fevralgacha uzumchilik sohasi rivojlangan xorijiy davlatlar ilmiy muassasalari hamda ilg‘or tajribaga ega xalqaro tashkilotlardan 100 nafarga yaqin soha mutaxassislari jalb qilinadi.