O’zbekiston O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik ko‘lamlarini yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik ko‘lamlarini yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Guandun provinsiyasi bilan hududlararo hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar doirasida Guanchjou shahar Kommunistik partiyasi qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari, tashqi ishlar guruhi boshlig‘i Dun Yanszyun bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, joriy yil 30 aprel kuni umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, boy sayyohlik imkoniyatlari va eksport salohiyatiga doir maʼlumotlar Xitoy tomoni vakillarining eʼtiboriga havola qilindi. Mamlakatimizda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar hamda o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish uchun Xitoy tomoni delegatsiyasi O‘zbekistonga taklif etildi.

Muzokaralar natijasi o‘laroq, joriy yil sentyabr – oktyabr oylari davomida partiya guruhi kotibi, Guanchjou shahar Xalq kongressi doimiy qo‘mitasining direktori Van Yanshi boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy safarini tashkil etishga kelishib olindi.

Bo‘lajak safar davomida O‘zbekiston hududlarining Guanchjou shahri bilan savdo-iqtisodiy, sayyohlik sohalaridagi hamkorligi ko‘lamlarini yana-da kengaytirish hamda yangi yo‘nalishlarda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan uchrashuvlarni o‘tkazish rejalashtirildi.