O’zbekiston O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston bo‘yicha “C5+1” formatida maxsus vakillar darajasidagi maxsus sessiya yig‘ilishida...

O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston bo‘yicha “C5+1” formatida maxsus vakillar darajasidagi maxsus sessiya yig‘ilishida ishtirok etdi

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 27 iyul kuni Afg‘oniston bo‘yicha “C5+1” maslahatlashuv formatida maxsus vakillar darajasidagi (Markaziy Osiyo+AQSH) maxsus sessiya yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbir davomida afg‘on inqirozini hal etish, mamlakatga tez fursatda gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro saʼy-harakatlar muhokama qilindi.

Tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, xalqaro hamjamiyatning mamlakat yangi hukumatiga nisbatan mujassamlashgan pozitsiyasini rivojlantirish, Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Ishtirokchi davlatlar vakillari Afg‘onistonda inson huquqlariga rioya etilishi haqida so‘z yuritib, Tolibon tomonidan jahon hamjamiyatining talablarini bajarish bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirish muhimligini taʼkidladilar.

Xususan, forum ishtirokchilari afg‘onistonlik ayollar va qizlarning taʼlim olish hamda mehnat qilish huquqlarini taʼminlash muhimligini taʼkidlab, Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish zarurligini taʼkidladilar.

Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning maxsus vakillari mintaqadagi terrorchilik tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish, shuningdek, Afg‘oniston hududini xalqaro terrorchilik tashkilotlari uchun xavfsiz boshpanaga aylantirishning oldini olish borasida yakdil fikr bildirishdi.