O’zbekiston Dehlida yangi xalqaro ko‘rgazma va konferensiyalar markazi ochildi

Dehlida yangi xalqaro ko‘rgazma va konferensiyalar markazi ochildi

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi vakillari Dehli shahrida Xalqaro ko‘rgazma va konferensiyalar markazining (International Exhibition-Convention Centre – IECC) ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yangi majmua mamlakat poytaxtidagi «Pragati Maydan» xalqaro ko‘rgazma maydonini taʼmirlash doirasida barpo etildi. Rekonstruksiya ishlari 2017 yilda bir nechta mavjud ko‘rgazma zallari o‘rnida boshlangan.

Qariyb 54 ming kvadrat metr maydonda joylashgan IECCning ko‘p maqsadli zallari va umumiy yig‘ilishlar o‘tkaziladigan xonalari bir vaqtning o‘ziga 7000 kishini sig‘diradi. Shuningdek, majmuada 3000 o‘rinli amfiteatr, bir nechta konferens-zallar, biznes markazi va 5500 ta mashina uchun to‘xtash joyi mavjud.

Anʼanaviy meʼmorchilik ruhi singdirilgan zamonaviy inshootlarni qamrab olgan yangi Xalqaro markaz Hindistonning eng yirik konferensiya va ko‘rgazmalar maydoniga aylanadi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi chorshanba kuni yangi majmuani ochar ekan, mazkur inshoot mamlakatning yangi kuch va irodasini ifoda etishini taʼkidladi.

“Kongress-markazning meʼmoriy bezagi hind anʼanalaridan ilhomlanib, Hindistonning o‘z o‘tmishiga bo‘lgan ishonchini, shuningdek, zamonaviy qulayliklar va turmush tarzini o‘zida mujassam etgan”, deyiladi hukumat rahbarining idorasi tarqatgan bayonotda.

IECC majmuasida yettita ko‘rgazma zali mavjud bo‘lib, ularning har biri yarmarkalar, amaliy tadbirlar va boshqa anjumanlar o‘tkazish uchun universal maydon bo‘lib xizmat qiladi. Ularda sanoatning turli tarmoqlari mahsulotlarini joylashtirish, butun dunyodan turli tovarlar va xizmatlarni namoyish qilishga mo‘ljallangan.

«Bharat Mandapam» nomini olgan yangi majmua sentyabr oyida Yigirmalik guruhi (G20) mamlakatlari yetakchilarining Hindiston raisligidagi uchrashuviga mezbonlik qilishi kutilmoqda.