O’zbekiston Shanxay shahrida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama...

Shanxay shahrida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Mamlakatimizning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasida Xitoyning Anxoy provinsiyasi Xalq hukumati tashqi ishlar boshqarmasining bosh direktori o‘rinbosari Sialin Yan bilan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda respublikamiz hududlari va Xitoyning Anxoy provinsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

Sialin Yan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik ko‘lamlari jadal ravishda kengayib borayotganini eʼtirof etar ekan, bu borada so‘nggi yillar davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida qayd etdi.

Anxoy provinsiyasi vakili muqobil energetika, yangi avlod avtomobillarini ishlab chiqarish, oliy taʼlim, innovatsiyalar, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari va boshqa qator sohalardagi hamkorlik ko‘lamlarini kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish tomonlar uchun birdek ustuvor ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, tomonlar har ikki mamlakatda mavjud bo‘lgan sayyohlik salohiyatini nazarda tutgan holda O‘zbekiston hamda Anxoy provinsiyasidagi yetakchi sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy aloqalarni o‘rnatishga kelishib oldi.

Uchrashuvda joriy yil davomida Anxoy viloyati va respublikamiz hududlari o‘rtasidagi qo‘shma tadbirlar, rejalashtirilgan safarlarga oid masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.