Prokuratura Bosh prokuratura hay’atining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bosh prokuratura hay’atining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan hay’at majlisida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qoida va normalarini so‘zsiz ijro etilishini ta’minlashning dolzarb masalalari birma – bir ko‘rib chiqildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Hay’at majlisida Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev ma’ruza qilib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinganligi mamlakatda olib borilayotgan xalqchil islohotlarning uzviy davomi ekanligi, Konstitutsiya talablarining to‘liq va qat’iy bajarilishini ta’minlash prokuratura organlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi ekanligini alohida ta’kidladi.

Qayd etilishicha, insonning huquq va erkinliklari qonunlar va davlat organlari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilashi haqidagi konstitutsiyaviy qoida prokuratura organlari faoliyatini tashkil etishning eng asosiy tamoyiliga aylanadi.

Barcha sohalarda nazorat faoliyatini amalga oshirishda, eng avvalo, Konstitutsiyaning davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan – to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llanilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi barcha xodimlarga uqtirildi.

Shu bilan birga, Konstitutsiya normalarini tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatida qo‘llashning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

Xususan, bu faoliyatni amalga oshirishda inson huquq va erkinliklari, shaxsiy va oilaviy siri, uy – joy va mol – mulki daxlsizligini qat’iy ta’minlash, ulardan mahrum qilish yoki cheklashga faqatgina qonuniy asoslarga ko‘ra va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi har bir xodim e’tiboriga yetkazildi.

Shaxsni asossiz ushlash, qamoqqa olish, javobgarlikka noqonuniy tortish, qiynoq va boshqacha tarzdagi tazyiq holatlariga yo‘l qo‘ymaslikning zarur choralarini ko‘rish, bunday qonunbuzilishlarga nisbatan keskin munosabat bildirib borish barcha darajadagi prokurorlarning doimiy e’tiborida bo‘lishi qayd etildi.

Umuman, fuqarolar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, Konstitutsiya va qonunlarni muhofaza qilish borasida prokuratura organlari faoliyatida bundan keyin keskin o‘zgarishlar bo‘lishi zarurligi belgilandi.

Bundan tashqari, hay’at yig‘ilishida prokuratura organlarining 2023 yil 1 – yarim yillik faoliyat yakunlari haqida alohida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanishicha, prokuratura organlari tomonidan o‘tgan yarim yilda aniqlangan qonun buzilish holatlari 91 mingdan ortiq nazorat hujjatlarini qo‘llash orqali bartaraf etilgan, 225 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 1,3 trln. so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.

Nazorat faoliyati bilan birgalikda bevosita prokurorlar sa’y – harakati bilan qisqa muddatda 120 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama ko‘mak berilgan, qariyb 157 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.

Tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab – quvvatlashga oid choralar doirasida 19 316 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, qariyb 18 ming nafarining muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan, natijada 12 469 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishilgan.

Prokurorlar ko‘magi bilan dolzarb yo‘nalishlarda, jumladan qurilish, yoqilg‘i – energetika, ekologiya sohalarida tashkil etilgan yangi tuzilmalar faoliyati ham hay’at muhokamasidan chetda qolmadi.

Qayd etilishicha, prokuror nazorati tadbirlari o‘laroq, davlat dasturlariga kiritilgan 6 003 ta obyektni o‘z muddatida foydalanishga topshirilishi, 1,4 trln. so‘m. mablag‘lar tejalishi, 27,5 mlrd. so‘mlik budjet pullari talon – toroj qilinishining oldi olinishi ta’minlangan.

Yoqilg‘i – energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan 113 mingta reyd tadbirlari davomida, 31 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 327 mlrd. so‘m zarar undirilgan.