O’zbekiston O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor kiyim-kechaklar Italiyada o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada...

O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor kiyim-kechaklar Italiyada o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada namoyish etildi

O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning milliy mahsulotlari 11-13 iyul kunlari Milan shahrida bo‘lib o‘tgan «Ready to Show» xalqaro kiyim-kechak ko‘rgazmasida namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimiz vakillarining mazkur yarmarkada ishtiroki “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va «USAID Trade Central Asia Activity» dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda, shuningdek, Bangladesh, Italiya, Misr, Moldova, Pokiston, Ruminiya, Turkiya, Fransiya, Xitoy, Shri Lanka, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Hindiston davlatlaridan 150 ga yaqin korxonalar tayyor mato, trikotaj va kiyim-kechak mahsulotlarini namoyish etdi.

Ko‘rgazmada tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendida «Tekstil Libos», «Delta Rumino», “Orzu-Teks”, «Parvoz Humo Ravnaq Trans» va «Global Textile» korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan bejirim va yuqori sifatli brend mahsulotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir taʼsischisi va tashkilotchisi Jorjes Papa o‘zbekistonlik ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan mahsulotlarning dizayni va sifatini yuqori baholadi. «Mamlakatingiz to‘qimachilik sanoati katta imkoniyat va salohiyatga ega ekanligini dunyoga namoyon etib kelmoqda», – dedi u.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakillari va Jorjes Papa o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijasida joriy yilning oktyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «Uzbekistan Textile Expo» xalqaro ko‘rgazmasiga yirik xorijiy xaridorlarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Milanda joylashgan Italiya-O‘zbekiston savdo palatasi boshqaruv qo‘mitasi aʼzosi, to‘qimachilik sanoati bo‘yicha mutaxassisi Janmario Bianki mahalliy korxonalar bilan kelgusida milliy mahsulotlarni Italiya va Yevropa bozoriga kirishi bo‘yicha hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr-almashildi.

Italiyaning “Samarkanda” savdo kompaniyalar uyushmasi vakillari bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilish masalalarida kelishuvga erishildi.

O‘z navbatida, O‘zbekistondan vakillari Italiya va boshqa davlat vakillari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qator samarali muzokaralar o‘tkazdilar.