O’zbekiston Bayram munosabati bilan Buxoroda 375ta oilalarga quvonch ulashildi

Bayram munosabati bilan Buxoroda 375ta oilalarga quvonch ulashildi

Buxoro viloyati Romitan tumanida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Bu xayrli ishlar, ayniqsa, shu kunlarda yana avj oldi. Qurbon hayiti arafasida barcha hududlarda ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Bugun, 29-iyun kuni Romitan tumani hokimi Umedjon Barnoyev tashabbusi bilan klaster va fermer xo‘jaliklarning homiyligi asosida BST “Sluster Agrokompleks” MCHJga qarashli “Chelong‘u” paxta qabul qilish maskanida tumandagi “Temir daftari”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ro‘yhatida turuvchi ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, ko‘makka muhtoj bo‘lgan 375 nafar fuqarolarga bepul 150 kilogrammdan bug‘doy, 1 qop un hamda 10 donadan presslangan somon tarqatildi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabar qilinishicha, ushbu jarayonda bevosita Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligida sektor rahbarlari ishtirok etib, barchani yurtimizda keng nishonlanayotgan Qurbon hayiti ayyomi tabriklagan. Yig‘ilgan aholi vakillari bilan suhbatlasharkan, viloyat rahbari bunday xayrli ishlar hali bardavom bo‘lishini hamda “Hech bir fuqaro e’tibordan chetda qolmasligi”ni ta’kidlagan.

Fuqarolar ham bunday g‘amxo‘rlik va davomli e’tibor, yurtimizdagi xalqchil islohotlar uchun mamnunliklarini bildirishdi.

– Men “Ayollar daftari”da turaman. Bugun bizga 150 kilogramm bug‘doy, 1 qop un hamda 10 donadan presslangan somon beg‘araz yordam berishdi. Ilohim, yurtimiz tinch, mamlakatimiz obod bo‘laversin. Dehqonlarimizning yetishtirayotgan oziq-ovqat mahsulotlari yanada mo‘l bo‘lsin. Ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rliklar uchun davlatimizdan behad minnatdormiz,-deydi Dilrabo G‘aybullayeva.

– Men “Temir daftari”ga kiritilganman. Ko‘rsatilgan bu yordam dasturxonimizni ancha vaqt obod qiladi. Juda xursandmiz oilamiz bilan. Inson uchun salomatlik va nondan aziz narsaning o‘zi yo‘q. Buning uchun ushbu ishlar boshida turgan insonlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman,-deydi Nigina To‘xtayeva.

Manba xabariga ko‘ra, Romitan tumanida ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga bepul 150 kgdan bug‘doy, 1 qop un hamda 10 donadan presslangan somon tarqatishdek hayriya tadbirlari davom etmoqda.