O’zbekiston Marg‘ilonda tumanlararo perinatal markazi foydalanishga topshirildi

Marg‘ilonda tumanlararo perinatal markazi foydalanishga topshirildi

Marg‘ilon shahar tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limi negizida bir vaqtning o‘zida 150 nafar tug‘ruq yoshidagi ayollar uchun xizmat ko‘rsatadigan tumanlararo perinatal markazi tantanali tadbir bilan foydalanishga topshirildi.

Ochilish tadbirida viloyat hokimining o‘rinbosari Fayzullajon Qosimov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov, tibbiyot markazi vrach va hamshiralari, jamoatchilik vakillari qatnashdilar.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari Fayzullajon Qosimov bugun yurtimizda islohotlar har bir sohada davom etayotgani, lekin eng katta islohot tibbiyot sohasida amalga oshirilayotganligini qayd etdi. Ona va bola salomatligini ta’minlash masalasi davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekaniga e’tibor qaratgan viloyat hokimining o‘rinbosari, bugun foydalanishga topshirilayotgan maskan ham bu borada muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng faollar ishtirokida ramziy tasma qirqilib, mehmonlar tug‘ruq kompleksida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Marg‘ilon tumanlararo perinatal markazi Marg‘ilon shahri, Toshloq, Qo‘shtepa, Rishton va Yozyovon tumanlaridagi yuqori malakali tibbiy xizmat olishga muhtoj homilador, tug‘uvchi ayollar va chaqaloqlarga perinatal tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Tug‘ruq kompleksini rekonstruksiya qilish, moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun jami 9,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Ushbu binoda 6 o‘rinli chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi ham joy oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyulda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida viloyat hokimliklari bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich Respublikada 46 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining tug‘ruq bo‘limlari negizida tumanlararo perinatal markazlarini tashkil etish belgilangan. Jumladan, viloyatimizda 3 ta – Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari tug‘ruq komplekslari va Beshariq tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limi negizida tumanlararo perinatal markazlari tashkil etildi.