O‘zbekistonlik futbolchi, hozirda “Manchester Siti”da to‘p surayotgan 21 yoshli Abduqodir Husanov Kataloniyaning “Barselona” klubiga o‘tishi mumkin. Bu haqda sport ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.

“Manchester Siti” himoyachini ijaraga berish yoki uni sotib olish narxiga teng miqdorda sotishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Futbolchiga da’vogarlar orasida Italiyaning grandi “Yuventus” hamda Kataloniyaning “Barselona” klublari sanab o‘tilmoqda.

Agar “Barselona” Husanovga rostdan ham ehtiyoj sezsa, “Manchester Siti” bilan yaxshi munosabatlarni inobatga olib, ijara variantini ko‘rib chiqishi mumkin.

“Barselona” bosh murabbiyi jismonan kuchli va tezkor himoyachilarga ehtiyoj borligini ta’kidlagan. Klub yaqin orada Ronald Araujo va Andreas Kristensen bilan xayrlashishni rejalashtirmoqda.

Moliyaviy muammolar sababli klub katta sarmoya talab qilmaydigan yechimlar izlamoqda. Shu nuqtai nazardan, Husanovni ijaraga olish kataloniyaliklar uchun eng maqbul variant bo‘lishi mumkin. Abduqodirning himoyaning qanotlarida ham to‘p sura olishi uni mavjud nomzodlar orasida eng qulay tanlovga aylantiradi.

Ma’lumot uchun: Avvalroq ham Kataloniya klubi “Manchester Siti”dan bir nechta futbolchilarni ijaraga olgan edi.