Узбекистан “Oilaviy ajrimlarni oldini olish boʼyicha” tadbir o’tkazildi

“Oilaviy ajrimlarni oldini olish boʼyicha” tadbir o’tkazildi

Xalqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni asrash, farovonligini oshirishga alohida eʼtibor qaratib keladi. Zero, oilada milliy qadriyat va anʼanalar rivoj topishi bilan birga ertangi kunimiz egalari – farzandlar kamolga yetadi.
“Mening mahallam – mening sudьyam” shiori ostida Rishton tumani, “Chinnigaron” mahalla fuqarolar yigʼinida aholi bilan oʼtkazilgan sayyor uchrashuvda aynan “Oilaviy zoʼravonlik va nikohdan ajralishlarni oldini olish” mavzusida soʼz yuritildi.
Tadbirda oila mustahkamligini taʼminlash, ajralishlar, ularning kelib chiqish sabablari va uning oldini olish, shuningdek, yoshlarni oilaga tayyorlash boʼyicha tizimli ish olib borishga eʼtibor qaratildi.
Jumladan, 2021-yilda sudlarda nikohdan ajratish haqida koʼrilgan ishlar soni oʼtgan yilga nisbatan sezilarli darajada ortganiga urgʼu berildi.
Misol uchun nikohdan ajratish haqidagi ishlar Fargʼona shahrida 165 taga, Qoʼqon shahrida 131 taga, Margʼilon shahrida
103 taga, Quva tumanida 101 taga, Quvasoy shahrida 76 taga, Buvayda tumanida 74 taga, Toshloq tumanida 70 taga, Fargʼona tumanida
67 taga, Oltiariq tumanida 65 taga sezilarli darajada oshgan.
Tadbir ishtirokchilariga nikohdan ajralishlarning sabablari tahlillar va misollar asosida yoritib berildi.
Birgina nikohdan ajralish oqibatida kelib chiqayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar bilan birgalikda fuqarolik tartibidagi turli nizolarni koʼpayishiga sabab boʼlayotgani alohida taʼkidlab oʼtildi.
Bu kabi tadbirlarni oʼtkazilishi oilalar mustahkamligi va barqarorligini taʼminlashga, jamiyatda sogʼlom muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.