Мир RF Turkiya vositachiligida Ukraina bilan muzokaralardan bosh tortayotgani yo‘q

RF Turkiya vositachiligida Ukraina bilan muzokaralardan bosh tortayotgani yo‘q

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lining bayonot berishicha, Rossiya Anqara vositachiligida Ukraina bilan muzokara o‘tkazish istiqbolidan butunlay bosh tortayotgani yo‘q.

“Ukraina bizning Rossiya bilan muzokara o‘tkazish bo‘yicha ilgari surayotgan tashabbusimizga ijobiy munosabat bildirmoqda. RF ham  bunday uchrashuvda ishtirok etish eshiklarini yopib qo‘ygani yo‘q. Jumladan, uchrashuv sanasi bilan bog‘liq muhokama davom etmoqda”, – dedi u  payshanba kuni TRT telekanali efiriga chiqish qilib.

Vazirning ta’kidlashicha, “Turkiya yaqin kunlarda Rossiya bilan, Kiyev va Moskva o‘rtasidagi keskinlikni yumshatishda Anqaraning ishtirok etish imkoniyatarini muhokama etish istagida”.

G‘arb mamlakatlarining Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqidagi bayonotlari faqat vahima ko‘tarilishi va mintaqada  iqtisodiy vaziyatning yomonlashuviga sabab bo‘ladi, deb hisoblamoqda Chavusho‘g‘li.

“Zarur bo‘lmagan bayonotlardan tiyilish lozim. Bugun Rossiya Ukrainaga bostirib kiradi, deb berilgan bayonot ertasi kuni Ukrainani larzaga soladi. Bu shuningdek, Ukrainaning iqtisodiyotiga va milliy valyutasiga ham zarar keltiradi, – deya ta’kidladi Turkiya vaziri. – Biz ushbu manzara haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rib turibmiz. Keskinlik bormi? Bor. Mojaro kelib chiqishi mumkinmi? Mumkin. Biroq bu haqda megafonli diplomatiya yordamida bong urish kerak emas, afsuski, ayrim g‘arb mamlakatlari shunday qilyapti”.

Chavusho‘g‘lining aytishicha, Turkiya Rossiya Federatsiyasi bilan muloqot tarafdori. “Biz bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan ushbu ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan say’-harakatlarimizni bundan keyin ham davom ettiramiz”, – qo‘shimcha qildi u.