Узбекистан Oʻzbekistonda 1-apreldan moliyaviy qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarga pul beriladi

Oʻzbekistonda 1-apreldan moliyaviy qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarga pul beriladi

Prezident qarori bilan Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.

Oʻzbekistonda 1-apreldan moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar berganlar mukofotlanadi. Bu prezident imzolagan Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida qarorda belgilangan.

Qaror bilan Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.

2023-yil 1-yanvargacha “Elektron nazoratchi-taftishchi” dasturiy majmuasi toʻliq ishga tushiriladi.

Inspeksiyada byudjet hisobidan amalga oshirilgan qurilishlar uchun qilingan toʻlovlar haqiqatda bajarilgan ish hajmiga muvofiqligi ustidan nazorat oʻrnatish uchun Qurilish obyektlarida nazorat oʻlchovini amalga oshirish boshqarmasi (40 ta shtat birligidan iborat) tashkil etiladi.

“2022-yil 1-apreldan moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga mukofot toʻlanadi”, – deyilgan hujjatda.

2022-yil 1-noyabrgacha Inspeksiya xodimlari moliyaviy nazorat va ichki audit sohasidagi xalqaro tajribalar asosida maxsus oʻquv kurslarida oʻqitiladi.

2022-yil 1-noyabrdan Inspeksiya va ichki audit xizmatlarining xodimlariga malaka sertifikati berish tizimi joriy etiladi.