Спорт и туризм “Nasaf” OFK tomonidan jazolandi

“Nasaf” OFK tomonidan jazolandi

Osiyo futbol konfederatsiyasi Qarshining “Nasaf” klubini jarimaga tortdi.

Bunga jamoaning OFK kubogi 2021-yilgi mavsum doirasidagi Gonkongninng “Li Man” klubi bilan uchrashuvda xavfsizlik va karantin qoidalariga rioya etmagani asos boʻlgan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qarorlarida keltirilishicha “Nasaf” va “Li Man” jamoalari oʻrtasidagi uchrashuvda bir qator qoidabuzarliklar qayd etilgan:

Unga koʻra:

-320 nafar muxlis futbolchilar zaxirasi uchun moʻljallangan joyga oʻtirgan;

-2 nafar muxlis hakamning yakuniy hushtagi chalinganidan keyin maydonga tushib ketgan;

-klub xavfsizlik boʻyicha oʻz zimmasidagi vazifalarni taʼminlay olmagan;

-maydon atrofida akkreditatsiyasi yoʻq shaxslar yurgan;

-tomoshabinlar stadionda tamaki chekkan.

OFKning Tartib-intizom qoʻmitasi yuqoridagi holatlarni oʻrganib chiqib, qaror chiqargan:

Qarorga muvofiq:

1) “Nasaf” tartib-intizom kodeksining 22.2 bandini buzgani uchun 28 ming AQSh dollari miqdorida jarima toʻlaydi;

2) Tartib-intizom kodeksining 34.1 va 34.3 bandlarini buzgani uchun shartli ravishda (!) 21 ming AQSH dollari miqdorida jarima. Bu band agar yaqin 2 yil ichida shu holat yana takrorlansagina faollashadi;

3) Tartib-intizom kodeksining 1-paragrafi boʻyicha 90 kun ichida 7 ming AQSH dollari toʻlash majburiyati.

Shuningdek, shunday holat yana qaytarilsa, bundan ham qattiqroq chora koʻrilishi taʼkidlangan.