Home Jahon Ozarbayjonning madaniyat poytaxti Shusha shahri haqida bilasizmi?

Ozarbayjonning madaniyat poytaxti Shusha shahri haqida bilasizmi?

0

Shusha–Tog‘li Qorabog‘ning poytaxti va eng yirik shahri bo‘lgan Stepanakertdan atigi 10 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, Sovet davrida 26 Boku komissarlaridan biri Stepan Shaumyan sharafiga nomlangan. Tarixdan ma’lum bo‘lishicha Shusha 270 yil davomida harbiy-strategik ahamiyatga ega joy hisoblangan. Turk dunyosida mazkur shahar boy madaniy hayoti, adabiyoti, musiqasi va me’morchiligi bilan mashhur edi. Bu yerda qadimiy cherkov va masjidlar, karvonsaroylar, mashhur aholining uy-muzeylari yonma-yon joylashgan. Uning madaniyati qadriyatlari o‘ziga xos madaniy tarixni o‘zida mujassam etgan. Ammo, armanlarning Shusha shahrining boy madaniy  qadriyatini toptashga bo‘lgan harakati shaharni vayronaga aylantirgan edi.

Xususan Ozarbayjonning san’at arbobi  mashhur xonandasi Bulbul haykalining ko‘zlarining o‘yib olinishi hamda tarixiy muzeyni talon-taroj qilingan rasimlari Tabrizda tug‘ilgan ozarbayjonlik, dunyoga mashhur fotograf Reza Deg‘ati ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilib borgan.  1992-yilda Shusha arman qoʻshinlari tomonidan egallab olinganidan soʻng, bosib olingan hududlardagi muzeylar, tarixiy va diniy yodgorliklar bilan nima sodir boʻlgani haqida hech qanday maʼlumot yoʻq deydi,- fotograf Reza Deg‘ati. XX-asrning boshi va oxiri shahar aholisi uchun ya’ni armanlar va ozarbayjonliklar uchun ham fojiali to‘qnashuvlarga boy bo‘ldi. Daxshatli harakatlarning boshlanishi 1905-yilda ozarbayjonlarning qirg‘in qilinishi, uylarini yoqib yuborilishi hamda vayronagarchiliklarni amalga oshirishda armanlarning hissasi katta bo‘ldi.

Vaqt o‘tib Ozarbayjonning ushbu vaxshiyliklarga chek qo‘yishga bo‘lgan harakatlari besamar ketmadi. Qorabog‘ hududidagi mojaro o‘tgan yilning 27-sentyabrida keskinlashgan. Bir yarim oy davom etgan janglardan so‘ng, 9-noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari mintaqada harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzolashga chaqirdi. Hujjatga koʻra, Ozarbayjon va Armaniston tomonlari oʻz pozitsiyalarida toʻxtab, qator viloyatlar, jumladan, Shusha Boku nazoratiga oʻtgan, Rossiya tinchlikparvar kuchlari esa oʻzaro toʻqnashuv chizigʻi va Lachin yoʻlagi boʻylab joylashtirilgan. Shu tariqa Shusha shahrining shon-shuhratini qayta tiklash ishlari Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqishga kirishildi.

Tarixiy manbalarga qaraganda sharq musiqasi tadqiqotchisi V.Vinogradov Shusha haqidagi kitobida shunday yozadi: Bu yerda musiqa juda boshqacha; Bu yerda Ozarbayjonning boshqa viloyatlariga qaraganda ko‘proq xalq qo’shiqlari, raqslari, xonandalari, cholg‘u asboblarini tinglashingiz mumkin. Shusha qadim zamonlardan beri musiqa markazi sifatida tanilgan va butun Zaqafqaziyada xalq musiqa iste’dodlarining bitmas-tuganmas manbai sifatida mashhur bo‘lib kelgan. Shusha musiqachilari chinakkam Ozarbayjon musiqasi tarixini yaratdilar va uni nafaqat o‘z vatanlarida, balki Sharqning boshqa mamlakatlarida ham namoyish etdilar deya, ta’kidlaydi. 1823-yilda Qorabogʻ xonligining markaziga aylangan Shusha 18-asrdan boshlab Ozarbayjonning eng muhim madaniy markazlaridan biri boʻlib, “Kichik Parij”, “Kavkaz sanʼati ibodatxonasi”, “Ozarbayjon musiqasining beshigi” va “Zaqafqaziya konservatoriyasi” kabi nomlar bilan turk dunyosida o‘chmas madaniy iz qoldirdi. Tarixiy qadriyatlarni tiklash hamda boy madaniy merosni asrab-avaylash maqsadida prezident Ilhom Aliyev 31-dekabr kuni respublikada nishonlanadigan Yangi yil va ozarbayjonliklarning birdamlik kuni munosabati bilan xalqqa murojaatida “2022-yilda Shusha shahrining 270 yilligini nishonlaymiz. Aytish joizki, 1752-yilda Panahalixon Shusha shahriga asos solgan, yangi yilda esa bu yubileyni tantanali ravishda nishonlaymiz. Shu shonli sanani hisobga olib, Shushani qayta tiklashni tezlashtirish maqsadida Yangi yilni Shusha shahri yili deb e’lon qilaman”, — degan edi Aliyev. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev farmonga ko‘ra, Boku nazoratiga o‘tgan Shusha (armanlar uni Shushi deb atashadi) shahriga rasman mamlakatning madaniyat poytaxti deb nom berildi. Hujjatda keltirilishicha “Shusha shahrining tarixiy qiyofasini tiklash, uni avvalgi shon-shuhratiga qaytarish va an’anaviy mazmunli madaniy hayotni qaytarish” uchun mazkur qaror qabul qilingan. Shahar, shuningdek, “Ozarbayjonning ko‘p asrlik boy madaniyatining yorqin durdonasi” sifatida jahon miqyosida o‘rin olishi rejalashtirilgan.

Ma’lumki, “Shushi yili” munosabati bilan Ozarbayjon Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlar va loyihalar tegishli boshqarmalar bilan bir qatorda, xususan, Madaniyat vazirligi zimmasiga yuklatildi. Vazirlik tashabbusi bilan tashkiliy ko‘magida “Shushi yili” munosabati bilan turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Shusha madaniyati durdonalari”, “Shusha haqida suhbatlar” kabi loyihalar, shuningdek, Haydar Aliyev jamg‘armasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Shushaning to‘rt fasli” loyihasi muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, vazirlik huzuridagi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, rivojlantirish va tiklash davlat xizmati tomonidan “Shusha – Ozarbayjon madaniyati poytaxti” nomli katalog tayyorlanib, nashr etildi. Muhim yil munosabati bilan vazirlik tomonidan eng yaxshi spektakl va haykaltaroshlik tanlovlari e’lon qilindi. Ozarbayjonning g‘alabasiga bag‘ishlangan “Qorabog‘ tarixi” mavzusidagi adabiy tanlovlar va qisqa videoroliklar ham Qorabog‘ va Shusha madaniy qadriyatlarini targ‘ib etishga xizmat qiladi.

NAZIM BO‘RONOV

Previous articleToshloq tumani aholisi muammolari oʻrganildi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here