Home Jurnalistik surishtiruv “Oq qadahli” xonimlar (Maqola)

“Oq qadahli” xonimlar (Maqola)

0


“Qani oldik, dugonajonlaaar…”

“Urush yillari bir mayizni 40 boʻlib yeganimiz, yoʻqchilik paytlari qanday koʻrguliklarni koʻrmaylik, ayollik shaʼnimizga dogʻ tushirmadik”, derdi buvim oʻgitlarida.

Kun qizigandan-qizidi. Ustiga-ustak tandirga uyda oʻt yoqib non, unga qoʻshib somsa yopdik. Oyim har gal non yopsak yoniga qoʻshib yopadigan issiq kulcha va somsalarni dasturxonga oʻrarkan, buvimdan xabar olib kelishimni aytdi. Issiq boʻlishiga qaramay yoʻlga otlandim. Chunki oftob yuzli buvijonimni koʻrish, ular bilan suhbatlashish kaminaga doim maroq bagʻishlardi. Buvimlarning uyi uncha uzoq emas, juda boʻlsa 20 daqiqalik masofa. Ketarkanman, koʻcha boshida bir ayol meni imlab chaqirdi: “Dildoraxonning uyi qayerda qizim, bilmaysizmi?”-dedi u. Buvimning uyiga tez-tez kelib turadigan chiroyli, xushbichim bu ayolni yaxshi tanirdim. Meni doim “Puchuq qizim” deb erkalaydigan opaning uyiga ayolni boshladim. Mehmondorchilikka kelayotgan ayol bilan gaplashib, Dildora opanikiga yetib qoldik. Oʻyin-kulgi avjida, uyda ayollar ziyofati boʻlayotgan xonadonga kirib borarkanmiz, turli noz-u neʼmatlar, sarxil mevalar, charos uzumdan tortib, rang-barang shirinliklargacha qoʻyilgan dasturxon ustidan chiqdik. Xorij kuy-qoʻshiqlariga raqs tushayotgan ayollar, ular ichidan chiqib kelgan Dildora opa bizni kulib qarshiladilar. Hamrohim ham tezda ularning davrasiga qoʻshildi. Men esa endi ortimga qaytay deyotganimda dasturxonda turgan ichimliklar eʼtiborimni tortdi. Ochigʻi, dilimni xira qildi. Allambalo sharbatlar orasida spirtli ichimliklar ham oʻrin olgandi. Bundan ham xunuk manzara oʻsha ichimliklarni davradagi ayollar tortinmay, qadahlarga toʻldirib, doʻstligimiz abadiy boʻlsin, qani oldik, deya ichishar edi. Bunday ichimliklarni faqat erkaklar ichadi, ayollar huddi mening buvimdek munis, oyimdek kamtar boʻladi degan tushuncham bilan roʻparamda qah-qah urib, oq suvdan yutayotgan ayollarning qingʻir-qiyshiq chehrasi koʻz oldimda ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Boshimdan oyogʻimning uchigacha sovuq ter bosib, bazoʻr hovlidan chiqdim. Bolaligimdan meni “Puchuq qizim” deya erkalaydigan Dildora opam endi koʻzimga qandaydir xunuk, bachkana boʻlib koʻrindi. Esimda. Buvijonim kechalari bizni uxlatish uchun ertaklar, baʼzan hayotiy voqealar soʻzlab berardi. Ular oʻz yoshligi haqida soʻzlarkan, mahalla xotinlari bilan sheʼriyat kechalari, mushoiralar boʻlishini, oʻsmalar qoʻyib, uzundan-uzoq dostonlarni yod olishganini aytib berardilar. Kunduzi turmush yumushlaridan charchagan ayollar, mana shunday diydorlashuvlar, dildorliklar bilan uchrashib, uzun kechalarni sheʼrga, qoʻshiqqa toʻldirganliklarini eshitib, tasavvurimda oʻzbek ayollar shunday boʻladi degan qarashda ulgʻaygandim.
Buvim: “Oilali boʻlganimdan soʻng ham ishlarni bu erkak kishining ishi, bu ayolniki deb, ajratmadim, vaqti kelganda traktor tuzatib, dalaga yer haydagani chiqdim. Qaynonam homilador boʻlganimni oʻzbekcha koʻylakda yurganim uchun 7 oygacha bilmagan, bolam”, – degani yodimda.
“Urush yillari bir mayizni 40 boʻlib yeganimiz, yoʻqchilik paytlari qanday koʻrguliklarni koʻrmaylik, ayollik shaʼnimizga dogʻ tushurmadik”, derdi doim oʻgitlarida. Shularni oʻylarkanman, ogʻir zamonlarda yashagan, mehnat qilgan buvimlar shunday boʻlganu, nega bular hozirgidek tinch-osuda, toʻqchilik zamonida toʻqlikka shoʻxlik qilishlarini tushunolmasdim. Yoʻlda ketarkanman, negadir yigʻlagim kelar, men koʻrgan noxush manzaralar qalbim oʻksitgan, koʻz yoshim yuzimdan oqardi. Buvimning uyiga qanday kelib qolganimni ham bilmayman. Darvozani ochib ichkariga kirdim, chakkasiga rayhon taqib, oq roʻmol oʻrab olgan farishtadek buvim supada koʻrpa qavib oʻtirar, ularni koʻrgach birdan qalbimga yorugʻlik kirdi va birdaniga koʻnglim quyoshdek yorishib ketganini sezdim…

                                                                                                                                           Sabohat SAIDRIZO

Previous articleSevimli telekanalida “Sabriya” seriali boʻyicha jiddiy choralar koʻrildi
Next articleBugun 21-yanvar 2022-yil. 21-yanvar kunida sodir bo’lgan qanday muhim voqealarni bilasiz?

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here